
Hamkorlikning yangi ufqlari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat ozbek tili va adabiyoti universitetiga Turkiyaning Bandirma Onyedi Eylul Universiteti (BANU) delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan keldi. Mazkur tashrif avvaldan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalarining mantiqiy davomidir. Shu vaqtgacha ikki oliy taʼlim muassasasi o‘rtasida turkiy tillar, adabiyotlar va madaniyat sohalarida samarali akademik aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, bu boradagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda.
Tashrif doirasida mavjud hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, shuningdek, turkiy tillar va adabiyotlar sohasida tajriba almashish kabi dolzarb yo‘nalishlarda muzokaralar olib borildi.
Delegatsiyaga BANU rektori, professor doktor Ismoil Boz boshchilik qildi. Mehmonlarni ToshDO‘TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, professor Nozliya Normurodova kutib oldi. U universitetning xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyati, xususan, turkiy xalqlar tillari va adabiy merosini o‘rganish, ilmiy nashrlar va qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish borasidagi tashabbuslari haqida batafsil ma’lumot berdi. Professor Normurodova ikki universitet o‘rtasidagi hozirgi hamkorlikni yuqori baholab, uni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.
Delegatsiya tarkibida professor doktor Mehmet Emin Erchakar – rektor yordamchisi (prorektor), dotsent doktor Umit Akin – TOMER markazi direktori, turk tili va adabiyoti mutaxassisi, doktor Yusuf Kilichaslan hamda ilmiy xodim Ahmet Omer Yazichiog‘lu ishtirok etdilar. Ular o‘z sohalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, o‘zaro ilmiy tajriba almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar va akademik resurslardan foydalanish yuzasidan takliflar bildirdilar.
Uchrashuv yakunida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat ozbek tili va adabiyoti universiteti hamda Bandirma Onyedi Eylul Universiteti o‘rtasida memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki oliy taʼlim muassasasi o‘rtasidagi akademik va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, qo‘shma konferensiyalar tashkil etish, ilmiy maqolalar va nashrlar tayyorlash, innovatsion taʼlim loyihalarini birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, turkiy xalqlar madaniy merosini chuqur tadqiq etishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishni nazarda tutadi.
Tashrif va memorandum imzolanishi ikki universitet o‘rtasidagi uzoq muddatli, barqaror va strategik ilmiy-akademik hamkorlikning mustahkam poydevori sifatida xizmat qiladi hamda xalqaro ilmiy-taʼlim makonida integratsiya jarayonlarini jadallashtirishga salmoqli hissa qo‘shadi.