
Hamkorlikning yangi istiqbollari
2022-yilning 17-iyun kuni universitetimiz Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda universitetimizda tashkil etilgan Fuzuliy nomidagi o’zbek - ozarbayjon ilmiy tadqiqot markazi rahbari Gulbahor Ashurova O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Ozarbayjonda milliy madaniyatimiz targ‘iboti, hamkorlik masalalari hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Tomonlar istiqbolli faoliyat, adabiy-aloqalarni rivojlantirish rejalari haqida fikr bildirishdi. Ma’lumki, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, qardosh xalqlar adabiyoti bilan yosh avlodni yanada keng tanishtirish maqsadida rektorimiz Shuhrat Sirojiddinov tashabbusi bilan universitetimizda Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon ilmiy tadqiqot markazi ochilgan.
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida joylashgan mazkur ilmiy tadqiqot markazi asosan ikki qardosh xalq adabiyoti ixlosmandlarini birlashtiruvchi maskandir. Ushbu markaz Ozarbayjon elchixonasining fan va madaniyat markazi bilan hamkorlikda shakllantirilgan boʻlib, bir qator tadbirlarni tashkillashtirib kelyapti. Shuningdek, Fuzuliy nomidagi oʻzbek-ozarbayjon ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan quyidagi kitoblar tarjima qilingan:
1. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” dostoni (tarjimon: Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamol, muharrir va nashrga tayyorlovchi G. Ashurova).
2. Yunus Oʻguzning “Ovchi” romani (tarjimon: G. Ashurova).
3. “Ozarbayjoncha-oʻzbekcha, oʻzbekcha-ozarbayjoncha” lug’at kitobi (Mas’ul muharrir: Sh. Sirojiddinov).
ToshDO'TAUdagi Markaz a’zolari Boku, Shomaxi, Ganja kabi shaharlardagi oliy taʻlim markazlari bilan qoʻshma dasturlarni amalga oshiradi.