
Hamkorlikning amaliy ahamiyati
2024-yil 21-oktabr kuni O‘sh davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligining 35 yilligi munosabati bilan “Til – millatlararo madaniyat va do‘stlik ko‘prigi” mavzusida adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Bundan bir yil oldin Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti sa'y-harakatlari bilan O'shDUda O'zbek tili va madaniyati markazi tashkil etilgan edi. Markazning ochilish marosimida ToshDO'TAU rektori, akademik Sh.Sirojiddinov ishtirok etib, ushbu markaz ikki qardosh xalq o'rtasidagi do'stlik va birdamlik ramzi, ilm egalarining eng sevimli maskani bo'lishini qayd etgan edi. Ushbu ezgu maqsadlar o'z natijasini bermoqda. Tadbir mazkur markaz tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining O‘sh shahridagi Bosh konsulligi hamda ToshDO'TAU hamkorligida tashkil qilindi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Qirg‘iziston va O‘zbekiston respublikalari o‘rtasidagi ilm-fan, do‘stlik, totuvlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, qirg‘iz tilini o'zbek talabalariga, o‘zbek tilini qirg'izistonlik talabalariga o‘rgatish bo‘yicha onlayn kurslarni boshlash, talabalarni ikki qardosh xalqning an’analari, urf-odatlari, madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishtirish, talabalarda qirg‘iz-o‘zbek tillaridagi ilmiy-badiiy adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalar bilan ishlash qobiliyati shakllantirishdan iboratdir. Tadbirda qatnashgan va so‘z olgan O‘sh davlat universiteti rektori, professor Kudayberdi Kojobekov, O‘zbekiston Respublikasining O‘sh shahridagi bosh konsuli Zafarbek Ahmedov, ToshDO'TAU kafedra mudiri, professor Saodat Muhamedova, Filologiya va madaniyatlararo kommunikatsiya instituti direktori, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent O‘ljoboy Akmatovich Shaimqulov, Qirg‘iziston Respublikasi o‘zbek milliy madaniy markazi janubiy mintaqa bo‘yicha o‘rinbosari Odiljon Yuldashevich Otajonov, Andijon davlat pedagogika instituti dotsenti Mahbuba Temirova, O‘sh davlat universiteti dotsenti, O‘zbek tili va madaniyati direktori Oqibatxon Ismonovalar yig‘ilganlarga ikki qardosh xalq do‘stligining asl mohiyatini yetkazish eng muhim vazifa ekanligi, zotan, do‘stlik ezgulik va tinchlik va asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etishini alohida e’tirof etdilar. Eng e’tiborlisi, tadbirda qirg‘iz talabalari o‘zbekcha va qirg‘izcha she‘r, qo‘shiq va raqslarni zavq-shavq, mahorat bilan ijro qildilar.
Shu kuni ToshDO'TAU professor-o‘qituvchilari S. Muhamedova, dots. N. Rashidova, R.Isomuddinova, M.Pardayevalar qirg‘iz talabalari uchun o‘zbek va qirg‘iz tillarining qiyosiy grammatikasi va leksikologiyasi bo‘yicha ma’ruza mashg‘ulotlarini o‘tib berishdi. O‘shDU talabalari uchun o‘zbek tilini o‘rganish onlayn kurslari tashkil qilinib, kursning birinchi darsi o‘tildi.
Shuningdek, tadbirdan so‘ng, O‘zbek tili va madaniyati markaziga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan kitoblar va esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.