
Hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
2025-yilning 12-13-mart kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetiga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif xalqaro hamkorlik doirasida o‘tkazilgan bo‘lib, unda universitetimizning O‘zbek tili va adabiyoti ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchilari: pedagogika fanlari doktori (DSc) Klaraxon Mavlonova, filologiya fanlari falsafa doktorlari (PhD) Munira Shodmonova, Iroda Ishonxanova, Sanobar Kuldasheva va Gulzoda Soatova ishtirok etdilar.
Professor-o‘qituvchilarimiz Xoja Ahmad Yassaviy universiteti talabalari va o‘qituvchilari bilan o‘zbek adabiyoti tarixi, jadid adabiyoti, qardosh xalqlar adabiyoti, til ta’limining dolzarb masalalari hamda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar haqida ma’ruzalar o‘qib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdilar. Ushbu mashg‘ulotlar nafaqat talabalar, balki universitetning turk filologiyasi kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan ham yuqori baholandi. Talabalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar va mashg‘ulotlar ularga chuqur taassurot qoldirdi, bu esa o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimlarni oshirishga qiziqishni kuchaytirdi.
Tashrif davomida professor-o‘qituvchilarimiz turk filologiyasi kafedrasi mudiri Kenan Semiz va kafedra professori Elmira Adilbekova bilan uchrashuv o‘tkazib, ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy-metodik ishlarni takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdi. Uchrashuvlar davomida ikki universitet o‘rtasida kelajakda hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalar va ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, olimlarimiz Xoja Ahmad Yassaviy universitetining kutubxonasi va turk tili tarixi muzeyi faoliyati bilan tanishishdi. Bu tashrif davomida ular universitetning boy ilmiy merosi va madaniy qadriyatlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
13-mart kuni Filologiya fakulteti dekani Abdulkadir O‘zturk bilan bo‘lgan uchrashuvda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘quv va ilmiy jarayonlarni rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Uchrashuv natijasida ilmiy-metodik ishlar sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma rejalar belgilandi.
Bu safar natijalari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xalqaro miqyosdagi obro‘sini oshirishga, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarimizning ilmiy faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Xalqaro hamkorlik doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirlar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Professor-o‘qituvchilarimizning Xoja Ahmad Yassaviy universitetidagi faoliyati nafaqat bilim almashinuvini, balki o‘zbek tili va adabiyotini xorijda targ‘ib qilish, shuningdek, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga ham xizmat qildi. Bu safar natijalari universitetimizning xalqaro maydondagi obro‘sini oshirishda yangi imkoniyatlar yaratdi va kelajakda ham shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi ushbu muvaffaqiyatli tashrifni davlatimiz va xalqimizning madaniy merosini dunyoga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaydi.