
Global ta’lim sari qadam
2025-yil 15-may kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limida “Fulbright sayohati: O‘zbekiston – AQSh, ETA 2023 tajribasi” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda AQShlik Fulbright ETA (English Teaching Assistant) 2023 ishtirokchisi Bleyk Amann mehmon bo‘lib, o‘zining Fulbright dasturi doirasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Muloqot davomida ishtirokchilar Fulbright dasturi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi, shuningdek, AQSh va O‘zbekiston ta’lim tizimlari o‘rtasidagi farqlar, o‘qitish metodikasi, madaniy almashinuv jarayonlari va shaxsiy rivojlanishga oid hayotiy tajribalardan xabardor bo‘lishdi.
Bleyk Amann o‘zining O‘zbekistonda o‘tgan tajribasini, turli muhit va madaniyatda yashashdan olgan saboqlarini, ingliz tilini o‘rgatish davomida yuzaga kelgan qiziqarli vaziyatlarni samimiy tarzda hikoya qilib berdi. Shuningdek, u xalqaro dasturlarga, xususan Fulbright grantlariga ariza topshirish bo‘yicha foydali tavsiyalarni ham ishtirokchilar bilan baham ko‘rdi.
Tadbir ochiq va bepul bo‘lib, chet elda o‘qish, dars berish yoki xalqaro tajriba orttirishga qiziqqan barcha talabalar va yoshlar uchun ilhomlantiruvchi uchrashuv bo‘ldi. Mazkur uchrashuv, yoshlarning global fikrlash doirasini kengaytirish, o‘z salohiyatlarini xalqaro miqyosda namoyon etishga undovchi muhim qadamlardan biri sifatida xizmat qildi.