Yangiliklar

img
Mon, 09/08/2025 - 13:25

Giyohvandlikka qarshi kurashda barchamiz mas’ulmiz

Bugungi kunda dunyo miqyosida giyohvandlik muammosi keng tarqalib, inson salomatligi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Bu illat nafaqat shaxs hayotiga, balki butun jamiyat taraqqiyotiga ham xavf tug‘diradi.
Shu bois mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurash milliy xavfsizlikning eng muhim masalalaridan biri sifatida qaraladi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish, ularda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va huquqiy bilimlarni oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida joriy yilning 8-sentyabr kuni shu yo‘nalishda muhim tadbir o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIO FMB rahbariyati hamda mas’ul xodimlar ishtirokida “Ta’lim muassasalarida giyohvandlik jinoyatchiligi va salbiy holatlarning oldini olish” mavzusi muhokama qilindi.
 

  

Universitetda tashkil etilgan uchrashuvda so‘zga chiqqan mutasaddilar giyohvandlikka qarshi kurashish jamiyat, xususan, yoshlar kelajagi uchun muhim ekanini ta’kidladilar. Tadbir davomida talabalarga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida ogoh etish va huquqiy bilimlarni yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Yakunda mavzuga oid videorolik namoyish qilindi.

  

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bundan buyon ham yoshlar ongida sog‘lom hayot tarzi va huquqiy madaniyatni shakllantirish yo‘lida faol targ‘ibot-tashviqot ishlarini davom ettiradi.