Yangiliklar

img
Wed, 09/20/2023 - 17:22

G‘afur G‘ulom ijodiy merosining o‘zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2023-yil 18-apreldagi 204-F-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan 2023-yilda adabiyot, madaniyat va san’at, ilm-fan sohalari atoqli naioyandalarining tavallud sanalarini munosib nishonlash va ularning faoliyatini keng targ‘ib etish dasturi 6-bandiga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “G‘afur G‘ulom ijodiy merosining o‘zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni” xalqaro ilmiy anjumani o‘tkazildi. Universitetning Adabiyot nazariyasi va hozirgi adabiy jarayon kafedrasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada yurtimizning atoqli adabiyotshunos olimlari, ijodkorlar, tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya yalpi majlisida so‘zga chiqqan O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Isajon Sulton, Nizomiy Ganjaviy nomli Аdabiyot instituti bo‘lim mudiri Almaz Ulvi Binnatova va boshqalar G‘afur G‘ulom XX asr oʼzbek sheʼriyatining eng yorqin siymolaridan biri, atoqli shoir va yozuvchi, mohir tarjimon, yirik adabiyotshunos olim sifatida jahon adabiyotida ham muhim o‘rin tutishini qayd etdilar. G‘afur G‘ulom — O‘zbekistonning taniqli yozuvchisi hamda uning she’riyati va nasrida o‘zbek xalqi tarixi o‘zining badiiy timsolini topgan ijodkor. Yozuvchining ijodi rang-barang — she’rlar, qo‘shiqlar, dostonlar, qasidalar, hikoyalar, qissalardan iborat.


Bugungi anjumanda G‘afur G‘ulom ijodi turli prizmalarda chuqur tahlil etildi, Konferensiya g‘afur G‘ulom nasri, G‘afur G‘ulom she’riyati, poetik nutq va uslub masalalari, zamonaviy adabiy jarayon va adabiyotshunoslik masalalari singari sho‘balarda ish olib bordi.