Faol tadbirkor bilan uchrashuv
Yangi o‘quv yilidan boshlab, yurtimizning barcha oliy ta’lim muassasalarida mamlakatimizning eng taniqli ishbilarmonlari bilan talabalarning uchrashuvlarini tashkil etish belgilangan. Bunday muloqoqtlar talabalarning kelgusidagi rejalarini aniq belgilashlari, muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi tajribalarni o‘rganish imkonini beradi.
8-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “BMB HOLDING” kompaniyasi asoschisi Bekzod Mamatqulov bilan talabalarning davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbati ochiq muloqot va samimiy savol-javoblar asosida tashkil etildi. “BMB HOLDING” kompaniyasi xalqaro biznes va savdo aloqalarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, sarmoyaviy loyihalar, innovatsion texnologiyalar, zamonaviy agrosanoat klasterlari sohalarida samarali faoliyat yuritmoqda. “Dastlabki intilishlarimiz samarasi o‘laroq Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida ekin uchun yaroqsiz 1 ming 100 gektarga yaqin yer maydonini ijaraga olib, o‘z mablag‘imiz hisobiga qisqa muddatlarda yerga ishlov berdik. Yerning sho‘rlanish darajasi bartaraf etilib, ekin maydoniga aylantirildi va bir necha yuzlab doimiy ish o‘rni yaratildi. Ayni paytda mosh va boshqa dukkakli ekinlar, paxta, g‘alla, sholi, kungaboqar, sarimsoq, piyoz va boshqa poliz mahsulotlari yetishtirib kelinmoqda. Mahsulotlar avvalo ichki bozorga yo‘naltirildi, keyingi bosqichda esa Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Afg‘oniston, Qatar va boshqa davlatlarga eksport qilishga muvaffaq bo‘ldik. O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi va Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida joriy yil Rossiyaning yirik savdo tarmoqlariga mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydik. 2018-yildan e’tiboran yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kirishdik”, - deya so‘z boshladi tadbirkor. Suhbat davomida tadbirkor o‘zining shaxsiy biznesini rivojlantirishda davlat qo‘llovini, hukumatning tadbirkorlik muhitini yaxshilash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.

Behzod Mamatqulov 2022-yilda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan, 2023-yilda esa “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Bugungi davra suhbati davomida tadbirkor universitetimiz qizlari uchun 5 ta zamonaviy tikuv mashinasi sovgʻa qilishini hamda 5 nafar ehtiyojmand oila farzandiga toʻlov shartnoma pulini oʻz hisobidan toʻlab berishini aytdi.


