Ezgulik - shiorimiz, ma'rifat - qurolimiz
2024-yilning 16-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti "Inklyuziv ta'lim" ilmiy-amaliy laboratoriyasi jamoasi tomonidan "Ezgulik - shiorimiz, ma'rifat - qurolimiz" mavzusida universitetda tahsil olayotgan nogironligi bor talabalar bilan davra suhbati o'tkazildi. Unda universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori, professor Odinaxon Jamoldinova, O'zbek tilshunosligi kafedrasi professori, "Inklyuziv ta'lim" ilmiy-amaliy laboratoriyasi mudiri Munavvara Qurbonova hamda laboratoriya mehnat jamoasi a'zosi, adabiyotshunoslik (jahon adabiyoti) mutaxassisligi 2-kurs magistranti Mirali G'iyosov "Inklyuziv ta'lim" tushunchasining mohiyati, bugungi kunda respublikamizda mazkur yo'nalishda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar mazmuni xususida so'z yuritdilar. Shuningdek, universitetda tashkil qilingan "Inklyuziv ta'lim" ilmiy-amaliy laboratoriyasining maqsad-vazifalari, tadqiqot yo'nalishlari haqida to'xtalib o'tdilar. Tadbirda, ayniqsa, jismoniy va yuridik shaxslaming murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo'limi boshlig'i, universitet kasaba uyushmasi raisi, dotsent Ra'no Umurzoqovaning Axborot-resurs markazi rahbariyati tashabbuskorligida ToshDO'TAU kutubxonasi koʻzi ojiz talabalar uchun Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi tomonidan umumiy tilshunoslik, adabiyot o'qitish metodikasi, hozirgi adabiy jarayon va yangi o'zbek adabiyoti, ingliz tili fanlari bo'yicha taqdim etilgan jami 88 ta Brayl yozuvidagi o'quv-ilmiy adabiyot bilan ta'minlangani haqida bergan ma'lumotlari talabalar tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi. Tadbir davomida suhbat ishtirokchilari tomonidan inklyuziv ta'lim tizimida mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr, mulohaza hamda takliflar bildirildi.