“English Speaking Day” tadbiri bo‘lib o‘tdi
2025-yil 17-dekabr kuni Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti Xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan Yangi yil (New Year) mavzusiga bag‘ishlangan “English Speaking Day” nomli ma’naviy-ma’rifiy va amaliy til tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi talabalarning ingliz tilida og‘zaki nutq kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning erkin fikrlash va muloqot qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, chet tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir jarayonida universitet talabalari tomonidan Yangi yilga oid milliy va xalqaro an’analar, bayram ramzlari, madaniy qadriyatlar hamda zamonaviy bayramlash usullari ingliz tilida muhokama qilindi. Talabalar bayramona viktorina savollari, interaktiv o‘yinlar, rolli mashg‘ulotlar va ijodiy topshiriqlarda faol qatnashib, o‘z bilimlari, so‘z boyligi va nutqiy faolliklarini namoyish etdilar. Ayniqsa, talabalar tomonidan ingliz tilida yangi yil tilaklari, qisqa chiqishlar va dialoglar namoyish etilgani tadbirga alohida bayramona ruh bag‘ishladi.
Mazkur tadbir davomida talabalar nafaqat til bilimlarini amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazish, balki jamoa bilan ishlash, o‘z fikrini omma oldida erkin ifodalash, muloqot madaniyatiga rioya qilish kabi muhim ko‘nikmalarni ham rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalarning faolligi, nutqiy aniqligi va ijodiy yondashuvlari alohida e’tirof etildi.

Tadbir yakunida eng faol va tashabbuskor talabalar kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Umuman olganda, “English Speaking Day” tadbiri talabalar uchun ingliz tilida erkin muloqot qilish muhitini yaratish, so‘zlashuv malakalarini mustahkamlash hamda bayramona, ijobiy kayfiyatda bilim almashish jarayonini samarali tashkil etish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.


