
Elektron kutubxona: imkoniyat, qulaylik, tezkorlik
Prezidentimiz tashabbusi bilan butun mamlakatimiz bo’ylab “Raqamli O’zbekiston-2030” strategiyasi amalga oshirilmoqda. Xususan, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Raqamli universitet” loyihasi joriy etilmoqda. Ushbu loyiha ta’lim jarayonini raqamlashtirish, talaba uchun ham, ta’lim beruvchi uchun ham, ta’lim jarayonini boshqaruvchilar uchun ham bir qancha qulayliklar yaratadi. Mazkur loyihaning ajralmas bo’lagi sifatida “Elektron kutubxona” platformasini e’tirof etish o’rinli. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-60-son qarori ijrosiga muvofiq, 2022-yil yakuniga qadar barcha davlat oliy taʼlim muassasalari kutubxona fondidagi oʼquv adabiyotlarining toʼliq elektron shaklga oʼtkazilishi hamda vazirlik huzurida yagona “Elektron kutubxona” platformasini ishga tushirilishini taʼminlash choralari koʼrilmoqda. Mazkur platformani joriy etish orqali respublikamizda barcha talabalar, professor-oʼqituvchilar, ishchi-xodimlar va aholiga zamonaviy hamda sifatli kutubxona xizmatini koʼrsatish imkoniyati yaratiladi. Аytish joizki, ushbu platforma foydalanuvchisi istalgan hududdan turib barcha oliygohlar ilmiy, badiiy adabiyotlaridan birdek foydalana oladi. Bu esa ilm olish istagida boʼlganlarning vaqt, makon chegarasini buzib, oʼz ustilarida ishlash, mustaqil taʼlim olish uchun qulaylik yaratadi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti ham ushbu raqamlashtirish ishlari yuqori sifat va tezlikda olib borilmoqda. Biz ushbu jarayon qanday tartibda ketayotyotganini bevosita kuzatish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti axborot-resurs markazida bo’ldik. Markaz rahbari Zamira Jumayeva biz bilan suhbat chog’ida ish yuqori sur’atda va aniqlikda bajarilayotganini qayd etdi.
- Bugungi kunda kutubxonamizda keng ko'lamdagi raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Raqamlashtirishdan maqsadimiz kutubxonamizda mavjud bo'lgan barcha kitoblarning yo'qolmaganligini aniqlash, kitoblarni tartibga solish, yo'qolmasligining oldini olish, kitobxonlarga so'ralgan kitoblarni tez fursatda oson va qulay tarzda ularning invertar raqamlari orqali topib berish uchundir. Shu o'rinda fondimizda mavjud adabiyotlarni elektronlashtirish ishlari ham davom ettirilmoqda. Oliy va o’rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan yaratilgan elektron kutubxona platformasiga kutubxonamizdagi barcha darsliklar, o'quv qo'llanmalar, monografiyalar, uslubiy qo'llanmalar elektron shaklga o'tkazilib, joylashtirilmoqda. Ushbu jarayonning o’zida biz shikastlangan kitoblarimizni ta’mirlash ishlarini ham olib boryapmiz, - deydi suhbatdoshimiz.
Albatta, bu platforma respublikamizdagi barcha talabalar, ilmiy tadqiqotchilar va professor-o’qituvchilarning eng asosiy ko’makdoshi bo’lgan manbalar bilan bog’liq ko’plab muammolarga yechim bo’lishi shubhasiz. Qimmatli va noyob kitoblarni izlab, vaqt va mablag’ sarflamasdan shu qulay platforma orqali yurtimizdagi barcha OTMlarning boy kutubxona fondidan foydalanish imkoniyati paydo bo’ladi.
Yangi Oʼzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqishda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, u orqali jamiyat va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat olib boradigan kadrlarni tayyorlash va safarbar qilish, talab yuqori boʼlgan IT sohasini ilm-fan tarmoqlari bilan integratsiyasi jarayonini jadal rivojlantirish va yuqori oʼsish surʼatlarini taʼminlash bugungi kun talabidir.