Dunyoga mashhur antropolog olim universitetimizda mehmon bo'ldi
Universitetimizda dunyoga mashhur antropolog olim, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis , Indiana universiteti professori Nazif Shahrani mehmon bo'ldi. Qadrli mehmonni universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov kutib oldi. O'zaro suhbat davomida Nazif Shahrani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyotida tashkil etilgan o'quv jarayoni, ilmiy maktablar, ayniqsa, xorijliklar uchun o‘zbek tili va madaniyatini o‘rgatuvchi "O'zbek maktabi" faoliyatini olqishladi. "O‘zbek maktabi" jamoasi tomonidan "Xorijliklar uchun O'zbek tili" (A1 va A2 darajalar uchun) darsliklari yaratilishi muhim voqelik ekanligini qayd etib, Amerikada o‘zbek tili va adabiyotini o'rgatish, ilmiy tadqiq qilish borasidagi ishlarni aynan ushbu markaz bilan hamkorlikda davom ettirish zaruruligini ta'kidladi.
Shu bilan birga kadrlar tayyorlashda jahon ilm-fani bilan hamqadam bo'lishni va o'quv dasturlariga zamonaviy fanlarni ko'proq kiritishni, xususan, madaniy antropologiya fanini o'qitishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari Nazif Shahrani universitetimizning ilmga chanqoq yoshlari uchun oflayn va onlayn ma'ruzalar o'qishga ham rozilik berdi. O'z navbatida universitetimiz rektori Nazif Shahranini joriy yilning kuz oylarida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Zahiriddin Muhammad Boburning 540 yilligiga bag'ishlangan yirik xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif etdi.
Nazif Shahrani Garvardning Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi, Nevada-Reno universiteti, Stenford universiteti kabi bir qancha Amerika universitetlarida, Smitson institutining Xalqaro olimlar markazi ilmiy va oʻqituvchilik lavozimlarida ishlagan. Indiana universitetining Antropologiya, Markaziy Yevrosiyo tadqiqotlari hamda Yaqin Sharq tillari va madaniyati kafedralarida dars beradi. Afgʻoniston, Turkiya, Pokiston va Oʻzbekistonda keng koʻlamli dala tadqiqotlari olib borgan.

