Yangiliklar

img
Thu, 11/27/2025 - 18:42

Dolzarb mavzuda vebinar tashkil etildi

2025-yil 27-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Til tadqiqi va ta’limidagi zamonaviy tendensiyalar” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro seminar tashkil etildi.
Tadbirni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nozliya Normurodova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda tilshunoslikda yangi ilmiy paradigmalar shakllanayotgani, zamonaviy nazariy tadqiqotlar natijalari til ta’limi jarayonlariga samarali ta’sir ko‘rsatayotgani, xalqaro ilmiy hamkorlik esa bu jarayonning muhim omili ekanini ta’kidladi.

Vebinarni ToshDO‘TAU O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Saodat Muhamedova hamda Qozog‘iston Respublikasi K. Jubanov nomidagi Aqto‘be regional universiteti Nazariy va amaliy tilshunoslik kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Muratbek Bagilla Qurmanbek qizilar boshqarib bordi.

Dastlabki ma’ruza Turkiya Respublikasi Manisa Jelal Bayar universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Yasin Karadenizga berildi. U Turkiyada zamonaviy turk lahjalarini o‘qitish jarayonida uchraydigan muammolarni o‘zbek tili bilan qiyosiy tahlil asosida yoritib berdi.

Shundan so‘ng ToshDO‘TAU professori, pedagogika fanlari doktori Klaraxon Maxmutovna Mavlanova til ta’limida loyiha faoliyatini tashkil etish mazmuni va shakllari yuzasidan o‘z ilmiy-amaliy mulohazalarini bildirdi.

 

Seminar davomida K. Jubanov nomidagi Aqto‘be universiteti olimlari – dotsent Sholpan Gaydarovna Abdirova sun’iy intellekt davrida funktsional savodxonlikni rivojlantirish masalalari haqida, dotsent Mayra Tolebai qizi Kushtaeva esa yangilangan ta’lim mazmuni asosida qozoq tilini o‘qitish tamoyillari va usullari xususida ma’ruzalar qildi. Universitetning doktoranti Dinara Dostanovna Bekniyazova shahar makonida jahon ergonomikasining lingvistik va ijtimoiy-madaniy jihatlari haqida so‘z yuritdi.

 

ToshDO‘TAU doktoranti Iroda Shavkatjon qizi Umarova esa til ta’limida innovatsion yondashuvlar va moslashuvchanlik, xususan, sun’iy intellekt asosidagi yangi VUCA modeli bo‘yicha qiziqarli ilmiy mulohazalarini bildirdi.
Seminarda O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘istondan professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va magistrantlar faol ishtirok etishdi. Tadbir davomida til tadqiqi hamda til ta’limining nazariy va amaliy yo‘nalishlaridagi zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha fikr almashinildi. Ishtirokchilar xalqaro hamkorlik doirasida bunday seminarlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.