Yangiliklar

img
Tue, 07/29/2025 - 15:51

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 5 tashabbus yo‘nalishidagi tadbirlar davom etmoqda

2025-yilning 29-iyul kuni “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida belgilangan haftalik tadbirlar davomida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan sportning shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Ushbu muhim tadbir Toshkent shahar Olmazor tumani hududida joylashgan 46-sonli umumta’lim maktabi qoshidagi “Quyosh” yozgi sport-sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazildi. Unda universitet talabalari bilan bir qatorda, yozgi oromgohda dam olayotgan maktab o‘quvchilari ham faol ishtirok etishdi.

Mazkur tadbir “5 muhim tashabbus”ning birinchi yo‘nalishi — yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, “Bir talabaga — bir o‘quvchi” shiori ostida o‘tkazildi. Tadbir doirasida shaxmat va shashka bo‘yicha jamoaviy hamda yakkalik bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Musobaqalar o‘zaro hurmat, do‘stlik va sog‘lom raqobat muhitida o‘tgani ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.

  

Sportning mazkur turlari yoshlar orasida aql-idrokni, strategik fikrlashni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, bu kabi tadbirlar yosh avlodni jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarziga jalb etishda katta ahamiyatga ega.

  

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasidagi bunday sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar orasida ijtimoiy faollikni oshirish, sog‘lom muhit yaratish hamda ularni zamonaviy yurtparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.