
“Dolzarb 90 kun” doirasida “Biznes marafon”
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida talabalarning iqtisodiy savodxonligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Biznes marafon” uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat qurilish banki hamda Davlat soliq qo‘mitasi vakillari ishtirok etib, talabalar bilan biznesni boshlashda mavjud imkoniyatlar, davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan suhbat o‘tkazdilar. Shuningdek, o‘z-o‘zini band qilish tartibi, soliq imtiyozlari, biznes rejaning ahamiyati va uning asosiy bosqichlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida zamonaviy biznes yuritishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mobil ilovalardan foydalanish, raqamli xizmatlarning afzalliklari hamda internet tarmog‘ida uchrashi mumkin bo‘lgan firibgarliklardan ehtiyot bo‘lish bo‘yicha ham amaliy tavsiyalar berildi.
Talabalar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. “Biznes marafon” doirasidagi mazkur uchrashuv ularga nafaqat amaliy bilim, balki o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur motivatsiya ham berdi.