Diqqat tanlov!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "2024/2025-oʻquv yili uchun davlat oliy ta'lim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida" 2024-yil 19-iyuldagi F-36-son farmoyishi bilan oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanat va hunarmandchilik yoʻnalishlarida oʻqish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat granti ajratilgan.
Ushbu davlat grantlari asosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili hamda Oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishlarida oʻqish uchun xorijlik vatandoshlarimiz ariza yuborishlari mumkin.
Vatandoshlar uchun davlat grantlariga oʻtkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish uchun talabgorlarga quyidagi talablar belgilanadi:
a) shaxsini tasdiqlovchi xujjatlar asosida oʻzi yoki ota-onasi yoxud bobo momosi:
etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan oʻzini oʻzbek yoki qoraqalpoq sifatida identifikatsiya qilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlishi;
Oʻzbekiston hududida tugʻilib, istiqomat qilgan, biroq, hozirda xorijda doimiy istiqomat qilayotgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs bo lishi;
b) xorijiy fuqaro sifatida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro'yxatdagi bakalavriat ta'lim yoʻnalishlaridan biriga abituriyent sifatida roʻyxatdan o'tib, suhbat natijalariga koʻra talabalikka tavsiya etilgan boʻlishi;
v) 30 yoshga toʻlmagan boʻlishi;
g) oʻzbek tilini bilishi lozim.
Talabgorlar oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarining (passport yoki ID) nusxasi va arizani interdep@navoiy-uni.uz elektron manziliga yuborishlari mumkin.
Hujjatlar 2024-yilning 5-sentabridan 15-sentabriga qadar qabul qilinadi.
Maxsus komissiya tomonidan hujjatlar joriy yilning 5-oktabriga qadar koʻrib chiqiladi va maxsus tanlov uchun nomzodlar saralab olinadi.
Maxsus tanlovlar talabgorlar tomonidan tanlangan bakalavriat ta'lim yoʻnalishiga kirish fanlaridan 25-oktabrga qadar oʻtkaziladi.
Maxsus tanlovlar natijalariga ko'ra ballar ketma-ketligi bo'yicha eng yugori natija qayd etgan talabgorlar tanlov yoʻnalishlari kesimidagi o'rinlarga muvofiq davlat granti sovrindori hisoblanadi.
Aziz xorijdagi vatandoshlar, biz sizlarni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida kutamiz!