Yangiliklar

img
Sun, 05/15/2022 - 10:14

DILKASH SUHBATLAR

4-son


Qadrli talabalar! Xabaringiz bor, har yakshanba kuni universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar bilan suhbat tashkillashtirilmoqda. Bugungi suhbatdoshimiz ToshDO‘TAU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi direktori, filologiya fanlari doktori Zulxumor Mirzayeva bo‘ladilar!


― Assalomu alaykum, Ustoz salomatmisiz?! Sevimli talabalaringiz iltimosiga binoan, Siz bilan suhbat uyushtirmoqchimiz!
―Assalomu alaykum, avvalo, "Dilkash suhbatlar" ga taklif qilganingiz uchun katta rahmat, talabalarimning e'tiboridan, e'tirofidan ham xursand bo'ldim!
― Suhbatimizni an’anaviylik bilan boshlasak, ya’ni talabalik yillaringizga qaytib, aynan o‘sha davr haqida suhbatlashsak?!
Albatta. Bilasizmi, Gulnozaxon, talabalik inson umrining  eng chiroyli davri, eng katta orzular amalga oshib, yanada ulug‘lariga intilayotgan davr. Hozir o‘sha  davrlarni eslasam, yuragim orziqib ketadi sog‘inchdan...  Men universitetga 198.2 ball bilan ikkinchi o‘rinda grant asosida qabul qilinganman. Universitet har bir fakultetdan grantga kirgan 3 talabaga "Til o'rgatish markazi" da bepul ingliz tili o‘rgatishni rejalashtirgan edi, ular orasida men ham bor edim. Tasavvur qiling, u yerda har bir fakultetning eng kuchli "uchtalik" lari ingliz tili o'rganishar va raqobat ham shunga yarasha bo'lar edi. Talabalik davrim juda oltin davr bo‘lgan. Inson uchun ortga qaytmas narsalar eng qadrli bo‘ladi-ku! Talabalik davrim ham men uchun shunday qadrli, ammo ortga qaytmas davr… Men, ayni paytda tahsil olayotgan barcha talabalarimni talabalikning zavqi va qiyinchiliklarini birday ko‘rishga, bu muqaddas dargohning qadriga yetishga da’vat etib kelaman! Chunki bu davr juda tezlikda o‘tib ketadi-da!
― Albatta, ayniqsa, hozir. Kunlar, oylar va yillar bir zumda o‘tib ketmoqda. Ustoz, talabalik yillaringizda dam olish kunini qanday o‘tkazar edingiz? Baribir zamonlar o‘rtasida farq anchagina. U paytlarda telefon, kompyuterlar ham bugungi kunchalik ommabop bo‘lmagan. 
Farq va tafovut juda katta! Yuqoridagi gapimni davom ettirsam, o‘sha qabul qilingan til o‘rganish kursimdagi kuchli talablardan ortda qolmaslik  uchun dam olish kunlarimni ham o‘qib o‘rganish, o‘z ustimda ishlash, ingliz tilini o‘rganish, undan charchaganimda badiiy asar, fan o‘qish bilan o‘tkazar edim. Biz o‘qigan paytlarimizda darsga munosabat boshqacha edi. Hech kim ortda qolishni istamasdi. Mana shu harakatlar, intilishlar natijasida til o‘rganish markazida o‘qigan, mutaxassisligi ingliz tili bo‘lmagan  deyarli hamma kursdoshlarim TOEFL (Amerika talab qiladigan ingliz tilini bilish darajasini ko‘rsatuvchi guvohnoma) dan eng yuqori ballarni olib, Amerika va yana boshqa xorijiy mamlakatlarda o‘qish, malaka oshirish  imkoniga ega bo‘lgandi.
― Ular orasida, albatta, siz ham bor edingiz!
―  Ha, ular orasida men ham bor edim. O‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi bo'lib, diplom ishimni ingliz tilida himoya qilganimni eslasam, kulgim keladi. Hech kim mendan ingliz tilida himoya qilishimni talab qilmagan, ammo shuni orzu qilganim uchun shunday yo‘l tutgandim, bir opponentim ham g‘irt ingliz mutaxassisi bo‘lgan edi. Demoqchimanki, bizda mana shunday kelajakka intilish, sog‘lom raqobat kuchli edi, shuning uchun dam olish kunlarini ham kitoblarga ko‘milib o‘tkazar edik…
― Talaba bo‘lib yurgan davringizda qanday orzularingiz bo‘lgan? Sizda sohangizga yaqin kasb yoki umuman boshqa sohaga qiziqish hech bo‘lganmi?
 Albatta, Gulnozaxon! Ko‘rsatuv olib borib, yaxshi jurnalist bo‘lish orzuyim bor edi.  Ikkinchi kursda o‘qib yurganimda televideniyaga  tanlov e’lon qilindi. Kursdoshlarim qatorida men ham ishtirok etdim va g‘olib bo'ldim. Qolaversa, otam-onam meni televideniyada chiqishimni juda istashardi, boshqa ota -onalar qatorida faxrlangisi kelardi. Ularning orzularini amalga oshirish uchun ham mana shu tanlovga qatnashgan edim. G‘olib bo‘lgach ham o‘qib va ham  "Farg‘ona oqshomi" ko‘rsatuvida ishlay boshladim. Syomkalar asosan shanba, yakshanba, dam olish kunlari bo‘lardi. Hozir o‘ylab qarasam talabalik yillarim ham faqat chopa-chop bilan o‘tib ketgan ekan. "Talaba" bo‘lib, na kinoga va na konsertga yoki teatrga yoki biror bir dam  olish maskaniga borganimni eslayman, vaholanki, u paytlarda vaqt bugungidek oz emasdi. Ammo juda band edim. Hech bemalol bo‘lganimni eslolmayman. Bilmadim, balki hamma narsaning o‘z vaqtida bo‘lgani maq’ulmikin, hozir u damlar qaytib kelmaydi. Inson faqat bir marta talaba bo‘ladi ekan!
― Inson faqat bir marta talaba bo‘ladi ekan! Talabalik sog‘inchi yo‘g‘rilgan eng go‘zal jumla! Ustoz, bugungi kun talabalari uchun dam olish kunini qanday o‘tkazishni maslahat berasiz?
"Dam olish" kunini qanday o‘tkazish... Menimcha, bugungi kun talabasi uchun "dam olish kuni" juda muhim, chunki bugungi talaba   vaqtini behuda o'tkazishga rag'bat beradigan, sog'lig'i va ruhiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan texnikalardan foydalanish chegarasini unutib qo'ymoqda. Bizning davrimizda telefon, kompyuterga o'xshash texnikalar bo'lmagan, kitob va kutubxonadan boshqasini tasavvur qilolmasdik. Men talabalarimni, hech bo'lmasa,  mana shu dam olish kunlari  telefonga o'xshagan "bir ko'zli dajjol" dan uzoqroq bo'lib, kursdosh do'stlari bilan adabiy muzokaralar, bahslar o'tkazsa, birgalashib ayni muqovadagi yangi asarlar bilan tanishsa, muhokama qilishsa deyman. Agar talabalar badiiy asardan zavq olishni o'rgansa, ularni kitobdan boshqa narsa chalg'ita olmaydi.
― Albatta.
Yana  talabalarimning vaqti-vaqti  bilan tog'larga, tabiat qo'yniga sayohatlar uyushtirib turishlarini ham qo'llab-quvvatlagan bo'lardim.   Global va texnika olamining shiddatlashuvi natijasida bugungi yoshlarimizning emotsional intellektinining  zaiflashuvidan va hatto yo'qolib borayotganidan xavotirdaman. Chunki bunday intellektdan mosuvo odam birovning dardini his qilmaydi. Birovning dardini  his qilmagan inson esa nafaqat jamiyat balki o'zi uchun ham xavfli inson sanaladi, shu sabab talabalarim mana shu dahshatdan o'zlarini o'zlari qutqara bilishlari kerak, bunga esa yana va yana ADABIYOT orqali, mutolaa orqali erishish mumkin.

―  Barchamizga ma’lum, Ustoz,  Siz yaqinda Amerika universitetlarida dars berib, malaka oshirib keldingiz. Amerika va bizning talabalar o'rtasida qanday eng muhim farqlarni kuzatdingiz?
Global olam nuqtayi nazaridan o'zbek va Amerika talabalarining muayyan voqelikka munosabatida ma'lum ma'nodagi umumiyliklarni kuzatdim. Masalan, har ikkisida global tafakkur shakllangan. Bu borada amerikaliklar nisbatan ilg'or bo'lsada  bizning talabalarimiz ham noan'naviy fikrlashda ulardan qolishmayotganliklarini guvohi bo'lyapman, Ayni paytda, Amerika talabalari badiiy matn tahlil va talqinida o'ta erkin, kerak bo'lsa, yozuvchi qarashlariga, estetik idealiga, badiiy va g'oyaviy konsepsiyasiga zid fikrlarni ham kuzatasiz va bunday yondashuvdan badiiy asar ham, yozuvchi ham yutganligini ko'rish mumkin. Bizning talabalar, hali ham asarni bir xil tushunish tamoyilidan butunlay voz kecha olmagan. Talabalarimizda bunga tajriba, eng muhimi jur'at yetishmaydi. Amerikaning Arkanzas universitetida "Markaziy Osiyo adabiyoti" (Central Asian Literature) bo'yicha ma'ruza mashg'ulotlarini olib bordim. AQSH  talabalari o'zbek adabiyotidan namunalarni ingliz tilida mutolaa qildilar, tahlil jarayonlarida  kutilmagan, bizda mavjud bo'lmagan, juda qiziqarli  qarashlarning, xulosalarning ijodkoriga aylandilar. Men badiiy asar tahlilida mana shunday kutilmagan, biri ikkinchisini takrorlamaydigan, kerak bo'lsa, biri ikkinchisini inkor qiladigan fikrlarning bo'lishi tarafdoriman. Murosasiz  bahslar badiiy asarga chuqur kirib borish imkonini yaratadi. Lekin kiyinish madaniyatida O'zbekiston talabalariga hech qaysi mamlakatning talabalari tenglasha olmasa kerak! Va ayni paytda aytmoqchimanki, aziz talabalar, adabiyot va mutolaa orqali o‘zligingizni anglab yeting!
― Samimiy, mazmunli va motivatsion suhbat uchun tashakkur, Ustoz! Men shu lahzada ham Sizning talabalik yillaringizga, ham Amerikaga sayohat qilib keldim! Maroqli suhbatimiz yana qayta tashkil etilishini kutib qolaman! Biz talabalaringizga bilim berishda aslo tolmang! Ishlaringizga rivoj tilayman!
― Rahmat sizlarga ham! Suhbat orqali talabalik yillarimga qaytishdek baxtga erishdim! Salomat bo‘ling! Ilm olishda qat’iyatli bo’ling!


ToshDO‘TAU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi direktori, filologiya fanlari doktori Zulxumor Mirzayeva  bilan Gulnoza Karimova suhbatlashdi.