
Damat Salmon o‘g‘lining “Tanlangan she’rlar” kitobi taqdimoti
Ozarbayjon-O'zbekiston o'rtasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalar yangi bosqichda rivojlanmoqda. Xususan, joriy yilning 26-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Ozarbayjon va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir vaijodkor Damat Salmon o‘g‘lining “Tanlangan she’rlar” kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. Tadbir Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi, Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi bilan hamkorlikda o'tkazildi. Tadbirda universitetimiz talaba va ustozlari, taniqli adabiyotshunoslar va ijodkorlar ishtirok etishdi.
Damat Salmon o'g'li Ozarbayjon Yozuvchilar birligi va Ozarbayjon Jurnalistlar birligi aʼzosidir. Prezident mukofoti sovrindori, xalqaro Rasul Rizo va Samad Behrangiy adabiy mukofotlari laureati sanaladi. Adibning “Hayotning dono bobi” (Boku 2015), “Hayot poezdi” (Boku 2016), “Xotiralar shivirlaydi” (Boku 2018), “O‘zbekiston tuyg‘ulari” (Boku 2018), “Dengiz Odam” (Boku 2021) “Nag‘ma tinsin dudoqlarda” she’riy to‘plami (Boku 2022) va “So‘lgan gul kurtaklari” (Boku 2022) hikoyalar to‘plami muallifidir.
Damat Salmon o‘g‘li ozod Qorabog‘i, kurashi va galabasi, mustaqil Vatani Ozarbayjonning bir farzandi yanglig‘ sidqidildan, ko‘nglini osmonlarday keng ochib kuylaydi.Turkiy elini, ulug Vatanini o‘ziga xos, hammaga tushunarli, sodda, ravon ifodalardatasvirlaydi, tarannum etadi. Shoirning qaddu bastini, qalbining qiyofasini, ko‘ngil dunyosini uning she’ri ko‘satadi!Uning zohiri ham, botini ham uning she’ridir. Damat Salmon o‘g‘li ijodiga omad va barakalar tilaymiz.