Yangiliklar

img
Wed, 08/20/2025 - 10:09

Boxtarda o‘zbek tili va madaniyati targ‘ib qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-martdagi PQ–128-sonli “2025-yilda YUNESKOning Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari Tojikistonning Boxtar universitetida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdilar.
Tadbirlar davomida o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro miqyosdagi ahamiyati, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi hamda Alisher Navoiy ijodining jahon tamaddunidagi o‘rni keng yoritildi. Talabalarga o‘zbek adabiyoti klassiklari va zamonaviy adabiy jarayon haqida ma’ruzalar taqdim etilib, madaniyatlararo muloqotning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, YUNESKOning 2025-yilgi Samarqand sessiyasi oldidan o‘zbek madaniyati, adabiyoti va tili targ‘ibotini yanada kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalar va ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

  

Mazkur tashabbus nafaqat O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, balki o‘zbek tili va madaniyatining xalqaro nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi.