Yangiliklar

img
Fri, 05/02/2025 - 17:43

Boxtar universiteti delegatsiyasi universitetimizda

2025-yil 1–4 may kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Tojikiston Respublikasining Boxtar davlat universiteti delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan keldi.
Mehmonlarni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova kutib oldi. Tashrif doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan PQ-128-sonli Qaror — “2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YuNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosi doirasida tashkil etilgan. Ushbu qaror asosida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning uch ming yillik tarixini, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasini, ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xalqaro miqyosda yoritish maqsad qilingan.
Boxtar davlat universiteti delegatsiyasi tarkibida pedagogik kadrlar: Xolida Ismatovna Izatulloeva, Dilorom Yunosovna Mahkamova, Qudratullo Qahhor Naimzoda, Said Nurmatovich Xolmatov, Shoira Holiqovna Rasulova, Akbar Niyoz hamda filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdilar.

  

Tashrif davomida mehmonlarga universitet faoliyati, ilmiy-tadqiqot markazlari va o‘quv jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Delegatsiya a’zolari o‘zbek tili va adabiyoti sohasidagi darslarda qatnashib, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ular universitet tarkibidagi Til va madaniyat markazlari, turli bo‘limlar va kafedralar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

  

Tashrif chog‘ida Boxtar shahrida O‘zbek tili va madaniyati markazini, ToshDO‘TAUda esa Tojik tili va madaniyati markazini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Bu tashabbuslar ikki tomonlama madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

  

Uchrashuv yakunida tomonlar akademik va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar. Bunday tashriflar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-martdagi PQ–128-sonli “2025-yilda YUNESKOning Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mehmonlarga o'zbek tili, madaniyati, tarixiga doir ma'lumotlar berildi va sahna ko'nishishlari namoyish etildi.