“Bolalar uçun eng yaxşi badiiy asar” respublika ijodiy tanlovi ğoliblari taqdirlandi
2026-yil 23-oktyabr kuni Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universitetida “Bolalar uçun eng yaxşi badiiy asar” respublika ijodiy tanlovi ğoliblarini taqdirlaş marosimi bölib ötdi.
Tanlov Ta’limni rivojlantiriş respublika ilmiy-metodik markazi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda universitet hamkorligida bolalar va ösmirlar uçun mazmunli, yoş xususiyatlariga mos va badiiy saviyasi yuqori asarlar yaratişni qöllab-quvvatlaş, kitobxonlik madaniyatini rivojlantiriş hamda iste’dodli mualliflarni rağbatlantiriş maqsadida taşkil etildi.
Tadbirda universitet rektori, akademik Şuhrat Sirojiddinov, Ta’limni rivojlantiriş respublika ilmiy-metodik markazi direktori Şahzodbek Kurbaniyazov hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri maslahatçisi, Özbekiston xalq yozuvçisi Isajon Sulton sözga çiqdi.
Universitet rektori Şuhrat Sirojiddinov öz nutqida yoşlar kitobxonligini rivojlantiriş, ularning ma’naviy dunyosi va tafakkurini boyitiş, mutolaaga qiziqişini oşirişga qaratilayotgan e’tibor haqida söz yuritdi. Yoş avlodning kitobxon bölib kamol topişida bolalar adabiyoti muhim örin tutişini ta’kidlab, ularning yoşi va qiziqişlariga mos, mazmunan teran hamda badiiy jihatdan puxta asarlarni yaratiş va tarğib etiş zarurligini qayd etdi.
Tanlovga jami 198 ta ijodiy iş kelib tuşdi. Ularni baholaş uçun Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti mutaxassislaridan iborat 12 kişilik ekspertlar guruhi faoliyat olib bordi. Asarlar belgilangan mezonlar asosida, xolislik, mustaqillik va şaffoflik tamoyillariga rioya etilgan holda baholandi. Bunda ijodiy işlarning mazmuni, badiiy saviyasi, izçilligi, öquvçilarning yoş xususiyatlariga mosligi va tanlov maqsadlariga muvofiqligi inobatga olindi.
Tanlov yakunlariga köra, 23 ta asar bolalar va ösmirlar uçun möljallangan adabiy töplamlarga kiritişga tavsiya etildi. Kitobxonlarning yoş xususiyatlaridan kelib çiqib, uçta yoş toifasi uçun alohida töplamlar tayyorlandi. Jumladan, 6–10 yoşli bolalar uçun ertaklar, 11–14 yoşli öquvçilar uçun ertak va hikoyalar, 15–17 yoşli ösmirlar uçun esa hikoyalar jamlandi.
Mazkur yondaşuv bolalarni yoşiga mos badiiy adabiyotlar bilan ta’minlaş, ularning söz boyligini kengaytiriş, mustaqil fikrlaş qobiliyati va badiiy tafakkurini rivojlantirişga xizmat qiladi.
Universitetning uşbu tanlovdagi iştiroki özbek tili va adabiyotini rivojlantiriş, bolalar adabiyotini yangi asarlar bilan boyitiş hamda yoş avlodda mutolaa madaniyatini şakllantirişga qaratilgan faoliyatining muhim yönalişlaridan biridir.
Tanlov bolalar va ösmirlar adabiyotini rivojlantiriş, ijodkorlarni qöllab-quvvatlaş hamda yoş kitobxonlarni sifatli badiiy asarlar bilan ta’minlaş yölidagi muhim amaliy qadamlardan biri böldi.

