Yangiliklar

img
Thu, 12/11/2025 - 17:36

Bo‘lajak pedagoglar uchun yangi tajribalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi PQ–289-son qarorida pedagogik ta’lim sifatini oshirish, oliy ta’lim muassasalarida o‘qitilayotgan nazariy bilimlarni maktabdagi real dars jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish, bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini erta shakllantirish maqsadida “4+2” tizimi joriy etilgani belgilangan. Mazkur tartibga ko‘ra, pedagogik yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar haftaning to‘rt kunini universitetdagi mashg‘ulotlarga, ikki kunini esa maktablarda amaliyot o‘tashga yo‘naltiradi. Ushbu tizim O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari faoliyatida ham samarali qo‘llanib kelinmoqda. Ular umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dars jarayonlarini kuzatish, seminarlar tashkil etish, interfaol metodlarni sinab ko‘rish va o‘quvchilar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash orqali kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirib borishmoqda.

Shu munosabat bilan, 11-dekabr kuni O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti Sanobar Kuldasheva Mirobod tumani 328-maktabda “Ona tilini o‘qitish metodikasi” fanidan seminar mashg‘ulotini o‘tkazdi. Tadbirda Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Shokir Xalilov, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i Axror Kodirov, Talabalar amaliyoti bo‘limining bosh mutaxassisi Xayrulla Rajabov, kafedra doktorantlari, 304-guruh talabalari hamda maktab o‘quvchilari ishtirok etdi. Mashg‘ulot davomida ona tili darslarini samarali tashkil etish, o‘quvchilarda o‘qib tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy yondashuvlar va pedagogik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha fikr almashildi. Bo‘lajak o‘qituvchilar dars jarayonida o‘quvchilarga mo‘ljallangan turli topshiriqlarni bajarish, ularning faol ishtirokini rag‘batlantirish, darsning metodik tuzilishini tahlil qilish orqali o‘z pedagogik mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Seminar davomida kafedraning tayanch doktoranti Nilufar Xo‘janova ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining raqamli savodxonligini oshirishga qaratilgan ilmiy izlanishlari haqida ma’lumot berib, talabalarga zamonaviy o‘quv dasturlari, elektron platformalar va ta’limiy ilovalarning imkoniyatlarini amaliy ko‘rsatib berdi. Bu esa talabalar uchun nafaqat metodik, balki zamonaviy pedagogga xos innovatsion ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.

 

Maktablarda muntazam ravishda tashkil etilayotgan bunday seminar va amaliy mashg‘ulotlar talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlabgina qolmay, ularni ta’lim jarayonining faol ishtirokchisiga aylantiradi, o‘qituvchilik kasbiga xos mas’uliyat, pedagogik muloqot, dars jarayonini boshqarish va o‘quvchi bilan individual ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi. “4+2” tizimi kelajak pedagoglarining ilmiy-metodik salohiyatini oshirish, ularni raqobatbardosh, zamonaviy va malakali o‘qituvchi sifatida shakllantirish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.