
Bo'lajak o'qituvchilar uchun maxsus dars
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Masofaviy ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi Jumaniyozova Intizor tomonidan 410-guruhda “Darsliklar bilan ishlash metodikasi” fanidan “O‘qituvchi kitobi, o‘quv va metodik qo‘llanmalardan foydalanish usullari” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi. Mazkur dars universitetda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish, ta’lim jarayonida darsliklar bilan ishlash madaniyatini shakllantirish va talabalar bilimini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Ochiq darsda yangi o‘quv adabiyotlari, xususan, darsliklar, o‘qituvchi kitoblari va metodik qo‘llanmalarning tarkibi, tuzilishi va ularni dars jarayoniga samarali integratsiya qilish yo‘llari atroflicha tahlil qilindi. Jumaniyozova Intizor tomonidan dars davomida talabalarda nutqiy va lingvistik kompetensiyalarni, shuningdek, o‘qib tushunish hamda tinglab tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan turli interfaol metodlardan keng foydalanildi. Dars jarayonida “Baxtli bilet”, “Mozaika”, “5-kadr”, “Bo‘sh cho‘ntak”, “O‘yla, izla, top” kabi innovatsion metodlar orqali talabalar o‘quv matnlari bilan faol ishlashga, fikr yuritishga, muhokama qilish va xulosa chiqarishga yo‘naltirildi.
Mazkur yondashuv talabalarning darsliklar asosida mustaqil ishlash malakasini mustahkamladi, ularda o‘quv materialini tahlil qilish, asosiy g‘oyalarni ajrata olish va o‘z nuqtayi nazarini bildirish kabi ko‘nikmalarning shakllanishiga xizmat qildi. Darsda qo‘llanilgan metodlar nafaqat mashg‘ulotga dinamika olib kirdi, balki talabalarni faollikka chorlab, ularning dars jarayonidagi ishtirokini sezilarli darajada oshirdi. Ochiq dars yakunida talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, darsliklar bilan ishlash metodikasiga doir savollar yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, darsda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar uyg‘unligi ham ta’minlandi. Bu esa o‘z navbatida talabalarda mustahkam bilim, aniq ko‘nikma va amaliy malakalarning shakllanishiga sabab bo‘ldi. Ochiq dars kafedra jamoasi, talabalar va boshqa ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi hamda metodik jihatdan namuna sifatida e’tirof etildi.