Yangiliklar

img
Tue, 01/31/2023 - 16:51

"Boburnoma" asarini o'rganish bo'yicha ulkan loyiha

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUga Italiyaning Ka'Foskari universiteti professori Elizabet Raganini tashrif buyurgani haqida avval xabar bergan edik.  Raganini xonim va universitetimiz olimlari hamkorlikda "Boburnoma" asari asosida maxsus interaktiv platforma yaratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdilar.  Ushbu platformada "Boburnoma" ning eski turkiy tildagi asl matni va bir necha tillardagi tarjimalari joylashtiriladi.  Asardagi maxsus atamalar, realiyalar, arxaik va qadimgi so‘zlar uchun platformaga qo‘shimcha ravishda giperhavolali matnlar ham joylanadi. Bunday interaktiv dastur "Boburnoma" asarini istalgan tilda o‘qib, batafsil anglash uchun xizmat qiladi.  Jahonga mashhur ulkan imperiya asoschisi bo‘lgan hamyurtimiz,  mahoratli shoh va shoir Bobur ijodining shoh asari bo‘lgan "Boburnoma"ni jahon ilmiy jamoatchiligiga va keng kitobxonlar ommasiga yanada keng tadim etish, bu orqali o‘zbek tili va madaniyati ham targ‘ib qilish loyiha tashabbuskorlarining asosiy maqsadidir.


Va'da qilinganidek, italiyalik olima universitetimiz magistr talabalari uchun ma'ruzalar o‘qimoqda.  Turkiy xalqlar adabiyoti,  tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha Yevropada amalga oshirilgan va oshirilayotgan tadqiqot ishlari, G‘arb olimlarining turkiy dunyoga bo‘lgan qiziqishlari haqidagi ma'ruza magistrlarimizda katta taassurot qoldirmoqda.  Bunday ajoyib imkoniyatdan unumli foydalangan yoshlar mashhur professor bilan ilmiy aloqalar o‘rnatib, kelgusidagi tadqiqotlari uchun maslahatlar olishni ham rejalashtirmoqdalar.