Biz zo'ravonlikka qarshimiz
Joriy yilning 22-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida “25-noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” munosabati bilan maxsus tadbir tashkil etildi. Tadbirga Yakkasaroy tumani hokim o‘rinbosari Dilfuza Rasulmuhamedova mehmon sifatida taklif etildi.
Mazkur tadbir davomida gender zo‘ravonlikning ko‘rinishlari – ruhiy, jismoniy va iqtisodiy zo‘ravonlik mavzulari keng yoritilib, ayol-qizlarning o‘z huquq va erkinliklari haqida yetarlicha bilimga ega bo‘lishlari zarurligi ta’kidlandi. Tadbirda oilada ayollarga nisbatan har qanday zo‘ravonlikni mamlakat kelajagiga qilingan tajovuz sifatida baholash lozimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, ayollar va qizlarga nisbatan hurmat-ehtiromni kuchaytirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasida har bir fuqaroning mas’uliyati borligi ta’kidlandi. Tadbir ishtirokchilari mavzu yuzasidan dolzarb ma’lumotlarga ega bo‘lib, bu borada o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir yuksak saviyada o‘tkazilib, ishtirokchilarga ijobiy taassurot qoldirdi.

