
Bitiruvchilarga imkoniyat
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bitiruvchilar va ish beruvchilar uchun “Karyera kuni” va mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Dastlab bitiruvchi talabalar bilan davra suhbati tashkil qilindi. Suhbatni universitetning O'quv ishlari bo'yicha prorektori S.Normamatov ochib berdi va ushbu tashkil qilingan "Karyera kuni"ning maqsadlari bilan tanishtirdi.
Shundan so'ng Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari boshlig'i Sh. Bahromov hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i B.Ashurovlar bitiruvchi talabalarga ishga joylashish va ish faoliyatini olib borish bo'yicha tushunchalar berib o'tdilar.
Har bir Oliy ta'lim muassasasining o'z oldiga qo'ygan maqsadi va vazifasi o'z mutaxassisligining chinakam egasi bo'lgan yetuk kadrlarni jamiyatga taqdim etish, ularga turli jabhalarda vatan taraqqiyoti yo'lida xizmat qilishga imkon yaratishdan iborat.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini joriy o'quv yilida 1138 nafarga yaqin talaba bitiradi. Ularni ish bilan ta'minlash ayni kunda universitetning dolzarb masalalaridan biri.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Marketing va talabalar amaliyoti bo'limi tomonidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi hamda Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi respublika sud-ekspertiza markazi bilan hamkorlikda "Karyera kuni" o'tkazildi.
Tashkil etilgan mehnat yarmarkasida ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida bevosita o‘zaro suhbatlar olib borilib, 56 nafarga yaqin bitiruvchi uch tomonlama shartnomalarni (78 nafari rezyume, 23 nafar ishga joylashish) imzolashga erishdilar.
Tadbirning asosiy qismida bitiruvchilar va ish beruvchilar bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib bordilar. “Karyera kuni” mehnat yarmarkasida 35 ta korxona va tashkilot jami 331 ta vakant bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Tadbirning ikkinchi qismida tuman-shaharlardan kelgan ish beruvchilar bilan suhbatlar tashkil qilinib, shu yerning o'zida bituvchilar uchun mehnat shartnomalari tuzish takliflari bildirildi.