Yangiliklar

img
Fri, 04/04/2025 - 15:47

Bitiruvchilar yakuniy sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdilar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti kechki ta’lim shakli o‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi 5-kurs bitiruvchi talabalari uchun muhim bosqich yakunlandi. Ular Yakuniy davlat attestatsiyasi (YDA) imtihonini test shaklida topshirib, o‘z bilimlarini namoyon etdilar. Ushbu muhim jarayon universitetning Mustaqil ta’lim zalida tashkil etilib, bitiruvchilar bilimini xolis va shaffof baholashga qaratildi.
Shuningdek, bitiruvchi talabalar o‘zlarining Bitiruv malakaviy ishlarini himoya qilib, ta’lim yo‘nalishiga oid tadqiqotlari natijalarini taqdim etdilar. Himoya jarayonida talabalar ilmiy rahbarlari ko‘magida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining mazmun-mohiyati, dolzarbligi va amaliy ahamiyatini atroflicha yoritib berdilar. Komissiya a’zolari bitiruvchilarning taqdimotlarini e’tibor bilan tinglab, ularning ilmiy izlanishlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

  

Ushbu yakuniy bosqich bitiruvchilar uchun katta sinov bo‘lib, ularning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini sinash, o‘zbek tili va adabiyoti sohasidagi kompetensiyalarini baholash imkonini berdi. Bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqotga bo‘lgan qiziqishlari va ijodiy yondashuvlari ularga kelgusida ilmiy, pedagogik va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyat qozonishlari uchun mustahkam zamin yaratadi.

  

Yakuniy davlat attestatsiyasi va bitiruv malakaviy ishlarini himoya qilish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagan talabalar endilikda oliy ta’lim muassasasining yetuk mutaxassislari sifatida kelajakdagi faoliyatlarida o‘z bilim va tajribalarini qo‘llashga tayyor.