Yangiliklar

img
Tue, 08/19/2025 - 15:17

Bitiruvchilar bilan ochiq muloqot

Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bitiruvchi yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jo‘rayeva ochib berdi. Prorektor bitiruvchi talabalarning kelajakdagi rejalari, bandlik va ijtimoiy faoliyatga bo‘lgan tayyorgarligi, shuningdek, universitetdagi imkoniyatlar haqida qisqacha ma’lumot berdi va tadbirning maqsadi haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuvda Yakkasaroy tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlari bo‘yicha oʻrinbosari Otabek Rixsiboyev ishtirok etdi. U yoshlarga hududdagi mavjud imkoniyatlar, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy faoliyatlarni rivojlantirish yo‘llari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi, shuningdek, yoshlarning amaliy taklif va tashabbuslarini tingladi.
Tadbir davomida bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish, amaliy maslahatlar olish va kelajakdagi faoliyat yo‘nalishlarini belgilash imkoniga ega bo‘ldilar. Suhbatlarda bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, moliyaviy savodxonlik, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyat bo‘yicha dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilindi.

 

Suhbat yakunida universitet rahbariyati va mehmon bitiruvchi yoshlar bilan bunday ochiq muloqotlar va amaliy tadbirlarni muntazam tashkil etish, shuningdek, talabalar va bitiruvchilarning kelajakdagi bandligiga yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha kelishib oldi.
Uchrashuv bitiruvchilar uchun nafaqat ma’lumot olish, balki kelajak rejalari, professional va ijtimoiy yo‘nalishlarni aniqlashda muhim platforma bo‘ldi.