Yangiliklar

img
Tue, 09/09/2025 - 16:50

Birinchi bosqich talabalari zamonaviy ta’lim jarayonlariga moslashmoqda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Birinchi kurs maktabi”ning 5-kun mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ta’lim yo‘nalishlari birinchi kurs talabalari ishtirok etib, ular uchun “Oliy taʼlim tizimini modernizatsiyalash davr talabi: kredit modul tizimini qoʻllash misolida axborot texnologiyalaridan foydalanishda samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish mexanizmlari, kredit taʼlim tizimida baholash mexanikasi” mavzusida mashg‘ulot tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotning asosiy maqsadi talabalarga oliy ta’limda joriy etilgan kredit-modul tizimining mazmun-mohiyatini tushuntirish, baholash tamoyillari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini amaliy misollar asosida ko‘rsatib berishdan iborat bo‘ldi. O‘quv boshqarmasi va "Registrator ofisi" mas’ullari tomonidan olib borilgan mashg‘ulotlarda talabalarga kredit tizimining asosiy tushunchalari, modul tarkibi, baholash mezonlari, formativ va summativ baholash mexanizmlari hamda ta’lim jarayonini elektron platformalar orqali nazorat qilish imkoniyatlari atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, axborot texnologiyalari yordamida o‘quv jarayonida samaradorlikka erishish, talabalarning mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘z faoliyatini baholash va natijalarini monitoring qilishning afzalliklari muhokama qilindi.

 

Mashg‘ulotlar interfaol tarzda, ma’ruza, amaliy topshiriqlar, guruh muhokamalari va savol-javob shaklida olib borildi. Talabalar o‘zlariga berilgan topshiriqlar orqali kredit-modul rejalarini tuzish, baholash mezonlarini aniqlash va o‘zlashtirish natijalarini baholash bo‘yicha mashq qildilar, elektron ta’lim vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini ham amaliy ravishda sinab ko‘rdilar.

 

Ushbu mashg‘ulotlar birinchi kurs talabalari uchun yangi ta’lim tizimiga tezroq moslashish, mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini shakllantirish va zamonaviy ta’lim jarayonlariga faol qo‘shilish imkonini beruvchi muhim bosqich bo‘ldi. “Birinchi kurs maktabi” mashg‘ulotlari davom ettiriladi va navbatdagi darslarda baholash jarayonining amaliy jihatlari, o‘quv rejalarini individual sozlash hamda ta’lim sifati monitoringiga oid masalalar yoritilishi rejalashtirilgan.