Birinchi bosqich talabalari bilan ochiq muloqot
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov universitetning birinchi kursiga qabul qilingan talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqotda talabalarga mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va ularda talaba yoshlarning ishtiroki xususida fikr yuritildi. “Biz universitet tashkil etilgan ilk kunlardanoq korrupsiyadan holi, jahon standartlatiga asoslangan tizimni yaratdik, ta'lim sifatini har nedan ustun qo‘ydik, shunga javoban endi siz talabalar ham yurt koriga yaraydigan, universitetimiz va mamlakatimiz dovrug‘ini jahonga yoyadigan kadrlar bo‘lishingiz lozim” – deya ta'kidladi Shuhrat Sirojiddinov.

ToshDO‘TAUning ilmiy salohiyati, xalqaro miqyosdagi obro‘si bevosita talabalarning erishayotgan yutuqlari bilan belgilanadi. Qolaversa, Oliy ta'lim muassasalarida talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirish bo‘yicha universitetda amalga oshirilayotgan loyihalarda, respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlarda talabalarning faol ishtirokini ta'minlash, ularni ilmiy faoliyatga jalb etish, ustoz-shogird tizimi asosida yetuk mutaxassislarni tayyorlash borasida ham ma'lumotlar berildi. Yurtimizda birinchilardan bo‘lib ToshDO‘TAUda 1-kursdan boshlab talabalar haftasiga bir kun o‘zlari tanlagan soha bo‘yicha maxsus toʻgarak mashgʻulotlariga qatnashishlari ko‘zda tutilgan. Bu amaliyot mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlash tayyorlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Talabalarni qiynayotgan har qanday muammo butun jamoaning muammosi bo‘lishi lozim. “Biz muammolardan qochmaymiz, balki ularni birgalikda bartaraf etamiz” – deya talabalarga ishonch bildirdi universitet rektori.


