BILIMLAR AMALIYOTDA MUSTAHKAMLANMOQDA
Joriy yilning 10-14-iyun kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti O'zbek tili ta'limi fakulteti noshirlik ishi ta'lim yo'nalishi birinchi va ikkinchi bosqich talabalari amaliyot rahbari Uldona Abdurahmonova boshchiligida "Ma'rifat" gazetasi, "Sharq yulduzi", "Jahon adabiyoti", "Yoshlik" jurnali tahririyatlarida o'quv amaliyoti dasturi doirasida mashg'ulot o'tashdi.
"Ma'rifat" gazetasi bosh muharriri Husan Karvonli va tahririyat jamoasi bilan muloqotlar qizg'in savol-javoblarga boy bo'ldi. Unda talabalarga maqola yozish texnikasi, tahrir belgilari, umuman, gazetaning nashr jarayoni haqida batafsil ma'lumot berishdi.
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida esa "Sharq yulduzi", "Jahon adabiyoti" va "Yoshlik" jurnali mas'ul xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. "Yoshlik" jurnali bosh muharriri Nurulla Chori, "Sharq yulduzi" jurnali bo'lim mudiri Ikrom Otamurod, mas'ul kotib Dilorom Abdurahmon qizi va boshqalar talabalarga jurnallar faoliyati, nashr jarayoni haqida batafsil ma'lumot berishdi. Tahrir san'ati, muharrirlik va noshirlik mas'uliyati hayotiy misollar asosida tushuntirildi. Muharrirlar turli savollar orqali talabalar bilimini ham sinovdan o'tkazishdi. Jurnal dizayni, jurnalga material qabul qilingandan to chop etilgunga qadar bo'lgan jarayon, noshirlarni ishga qabul qilish tartibi, tarjima jarayonlari haqida talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Suhbat yakunida talabalar tahririyatning dizayn bo'limi bilan ham tanishtirildi.
Bir haftalik amaliyot talabalar uchun katta maktab vazifasini o‘tadi.