Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ilmiy hamkorlik
2015-yilda BMT tomonidan qabul qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlari”da 2030-yilgacha sifatli ta’limni ta’minlash, ilm-fanni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish global ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Shu yo‘nalishda 2025-yil oktabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” hamda “Psixologiya va sotsiologiya” kafedralari professor-o‘qituvchilari tomonidan Akademik E.A. Buketov nomidagi Qarag‘anda milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun turkum ilmiy nazariy-metodologik seminarlar tashkil etildi. QS World University Rankings reytingida 901+ o‘rinni egallab kelayotgan Qarag‘anda milliy tadqiqot universiteti jamoasi va talabalari mazkur seminarlarni katta qiziqish bilan kutib olib, faol ishtirok etdilar.
Seminarlarda “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi mudiri, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Aslonov Ilhom Nizomovich, pedagogika fanlari doktori Jamoldinova Odina Rasulovna, pedagogika fanlari nomzodi Sattorov Vaxob Naqshbandovich, katta o‘qituvchi Jabborova Gulnoza Kadamovna, tarix fanlari doktori Yarkulov Alisher Atakulovich, filologiya fanlari doktori Buranov Anvar Karabayevich hamda dotsent Abdurazakova Kamolaxon Yusupovna tomonidan psixologiya, ta’lim, ekologiya, xalqaro munosabatlar va falsafa yo‘nalishlarida ma’ruzalar taqdim etildi.

Ilmiy seminarlar yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi olimlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda o‘quv jarayonini innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish, talabalarning kreativ va ekologik kompetensiyalarini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.


