
Bahor keldi seni so'roqlab
Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavallud kuni oldidan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir universitet jamoasi, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida o‘tkazilib, unda shoiraning boy ijodiy merosi, uning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan bebaho hissasi xususida so‘z yuritildi.
Tadbirning faxrli mehmoni, Zulfiya maktabining sadoqatli vakillaridan biri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, taniqli shoir Muhtarama Ulug‘ova bo‘ldi. U o‘z chiqishida Zulfiya ijodining nafosati, shoiraning adabiy merosi yosh avlod uchun ibrat maktabi ekanligi haqida fikr bildirdi. Shoira bilan bog‘liq xotiralar, u bilan o‘tgan adabiy suhbatlar va ijodiy uchrashuvlar tafsilotlari ishtirokchilarga katta qiziqish bag‘ishladi.
Tadbir davomida universitet talabalari Zulfiya she’rlaridan namunalar o‘qib, uning asarlarida mujassam bo‘lgan ezgulik, sadoqat va mehr-muhabbatni his etishganini ta’kidladilar. Shuningdek, shoiraning ijodiy olamini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy mulohazalar, adabiy tahlillar ham o‘qildi.
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda Zulfiya tavallud kuni munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur adabiy-ma’rifiy uchrashuv shoira merosiga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasi bo‘lib, yosh ijodkorlarni ilhomlantirishga, ularni adabiyotga, yuksak badiiy so‘z san’atiga oshno etishga xizmat qildi.