
Badiiy tugal kinoasarlar yaratish yoʻlida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, kinematografiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, milliy davlatchiligimizning uch ming yildan ziyod tarixini, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi filmlar turkumini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi tasdiqlangan edi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasining bir guruh professor-o‘qituvchilari O‘zbekiston Kinematografiya agentligi majlislar zalida o‘zbek kinosining atoqli namoyandalariga “Maxsus adabiyot kursi” doirasida ma’ruzalar o‘qidilar. Jumladan, kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov “Mumtoz adabiyot siymolari (17-19 asr) tarixiy haqiqat va kinoda badiiy yondashuv”, kafedra dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Karomat Mullaxo‘jaeva “Mumtoz adabiyot siymolari (15-16 asr) tarixiy haqiqat va kino talqini masalasi”, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akramjon Dehqonov “Sharq Uyg‘onish davrida diniy-ma’rifiy adabiyot va allomalar siymosining kinotalqinlari” mavzularida ma’ruzalar o‘qidilar.
Ma’ruzalar kino sohasi namoyandalarida katta tassurot uyg‘otdi.