Yangiliklar

img
Sat, 11/16/2024 - 16:16

“Antikorrupsiya bilimdoni” tanlovi oʻtkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (ToshDO‘TAU) talabalari o‘rtasida “Antikorrupsiya bilimdoni” mavzusida bilimlar bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi PF-200-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturining 19-bandida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, universitetda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktik ishlarni kuchaytirish maqsadida o‘tkazildi.
Tanlovning asosiy maqsadi talaba-yoshlar orasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chuqur bilimlarni shakllantirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini mustahkamlashdir. Ushbu bilimlar bellashuvida ishtirok etgan talabalar korrupsiya tushunchasi, uning zararli oqibatlari, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asosi, shuningdek, unga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tajribalar haqida bilimlarini namoyon etdilar.
Tanlov davomida talabalar korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qonunchilik, huquqiy tushunchalar, mas’uliyat va burchlar, shuningdek, korrupsiyani oldini olishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni haqida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu kabi tanlovlar yoshlarning huquqiy ongini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurash madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

  

Tadbir yakunida g‘oliblar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularning ushbu yo‘nalishdagi bilimlari yana-da mustahkamlandi.