An'analariga sodiq millatning qadriyatlari barhayot
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalarining bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Yaxshi an'anaga aylanib borayotgan Adiblar xiyobonidagi milliy o'yinlar bo'yicha musobaqalar ana shunday xayrli ishlardan biridir. Ommaviy xalq o'yinlari bellashuvining navbatdagisi 15-aprel kuni o'tkazildi. Unda universitetimiz talabalari, professor-o'qituvchilari va tyutorlari faol ishtirok etdi.
Talabalar o'rtasidagi arqon tortish, "Oq terakmi, ko'k terak", "O'rtaga tush" singari o'yinlar ko'tarinki ruhda tashkil etildi.
Xalq milliy o'yinlari milliy qadriyatlar tarkibidagi xalqning eng sevimli ommaviy ma'naviy tadbirlaridan biridir. Ma'lumki, inson o'z hayotida o'yin, o'qish, mehnat va dam olish kabi mashg'ulotlar bilan band bo'ladi. Inson hayotining dastlabki davrlarida o'yin asosiy faoliyat hisoblanadi, keyin esa o'qish bilan baravar davom etadi, undan so'ng esa o'yin kamayib uning o'rnini o'qish va mehnat faoliyati egallaydi. Ammo har gal milliy o'yinlarni o'ynaganimizda qalbimizdagi bor g'uborlar tarqab, ruhan yengil, jismonan sog'lom bo'lamiz.
Harakatli o'yinlardan so'ng bellashuv bahru bayt va mushoira ko'rinishida davom etdi.