Yangiliklar

img
Fri, 12/12/2025 - 18:19

Alohida ta’limga muhtoj bolalarga quvonch ulashildi

2025-yil 12-dekabr kuni Yakkasaroy tumanidagi 25-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti Universiteti “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi hamkorligida “Yangi yil sarguzashtlari” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir alohida ta’limga muhtoj bolalarni yangi yil ruhi bilan quvontirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va mehr-oqibat muhitini yaratish maqsadida tashkil etildi. Bayram davomida bolalar uchun qiziqarli sahna ko‘rinishlari, sarguzashtlarga boy o‘yinlar, jonli muloqot va ijodiy mashg‘ulotlar namoyish etildi. Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan bolalarga yangi yil sovg‘alari topshirilib, ularga unutilmas taassurotlar ulashildi.

Tadbirda “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi mudiri Ilhom Aslanov ham ishtirok etdi. U o‘z chiqishida alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan bolalar bilan ishlash borasida bunday tashabbuslarning ahamiyatini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa bolalar, mehr va e’tiborga munosibdir; universitetning bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari esa nafaqat ijtimoiy mas’uliyat namunasi, balki ta’lim jarayonining muhim tarkibiy qismidir. Ilhom Aslanovning fikriga ko‘ra, bunday uchrashuvlar talabalarda empatiya, mas’uliyat, insonparvarlik kabi sifatlarni shakllantirib, ularni kelgusidagi kasbiy faoliyatida yanada puxta tayyorlaydi.

  

Darhaqiqat, “Ijtimoiy ish” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mazkur tadbir amaliy o‘quv jarayonining muhim bosqichiga aylandi. Talabalar nazariyada o‘rgangan ko‘nikmalarining real hayotdagi qo‘llanilishini kuzatish, maxsus ehtiyojli bolalar bilan ishlash jarayonidagi nozik jihatlarni his etish, kommunikativ malakalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldilar. Ular bolalar bilan ishlashda sabr-toqat, iliqlik, tushunish va mas’uliyatning naqadar zarurligini amalda angladilar. Shuningdek, tadbir talabalar uchun ijtimoiy himoya tizimining faoliyatini yaqindan o‘rganish, jamiyatdagi ijtimoiy hamjihatlik va bag‘rikenglik qadriyatlarini chuqurroq idrok etish uchun noyob tajriba maydoni bo‘ldi.

  

Tadbir Ijtimoiy himoya agentligi vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar, maktab jamoasi va OAV xodimlarining faol hamkorligida o‘tdi. “Yangi yil presarguzashtlari” tashabbusi bolalar uchun unutilmas bayram lahzalarini hadya etish bilan birga, jamiyatda mehr-oqibat va ijtimoiy birdamlikka da’vat etuvchi muhim ijtimoiy voqea sifatida e’tirof etildi. Ushbu uchrashuv o‘z mazmuni va g‘oyasi bilan nafaqat quvonch ulashdi, balki ijtimoiy sohada faoliyat yuritishga tayyorlanayotgan yoshlar uchun chuqur hayotiy saboq ham bo‘lib xizmat qildi.