Yangiliklar

img
Thu, 02/06/2025 - 22:11

“Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro konferansi boʻlib oʻtdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” xalqaro ilmiy konferansi bu yil Qozogʻistonning Shimkent shahrida boʻlib oʻtdi. Dastlabki yetti  anjuman Oʻzbekistonda oʻtkazilgan boʻlsa, keyinchalik u tom ma’noda xalqaro ahamiyat kasb etdi. 2023-yilda konferans Ozarbayjonda, 2024-yilda Turkiyada boʻlib oʻtgan edi. Joriy yilda esa tadbir Qozogʻistonning J.Tashenov nomidagi universitetida tashkil etildi va dunyoning turli davlatlaridan olimlar, turkologlar, adabiyotshunoslar hamda yosh tadqiqotchilarni bir joyga toʻpladi.
Konferansning asosiy maqsadi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodini chuqur oʻrganish, targʻib qilish hamda uning merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etishdan iborat. Tadbir davomida Navoiy ijodining jahon madaniyatidagi oʻrni, matnshunoslik va tarjimashunoslik masalalari, shuningdek, uning asarlarini zamonaviy ta’lim tizimida oʻqitish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Anjumanda Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Eron kabi davlatlardan taniqli olimlar ishtirok etdi. Ular oʻz maʼruzalarida Navoiyning adabiy, falsafiy va ilmiy merosi nafaqat oʻzbek xalqi, balki butun turkiy dunyo va jahon madaniyati uchun noyob manba ekanligini taʼkidladilar.

  

Konferans doirasida akademik Shuhrat Sirojiddinov qalamiga mansub “Amir Alisher” kitobining qozoq tiliga qilingan tarjimasi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Ushbu muhtasham asarni J.Tashenov nomidagi universitet olimasi Sh. Naraliyeva qozoq tiliga oʻgirdi. Mazkur asar Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va tarixiy shaxs sifatidagi ulugʻvorligini aks ettiruvchi chuqur ilmiy-biografik tadqiqot boʻlib, uni qozoq tilida chop etish nafaqat qozoq kitobxonlari, balki turkiy xalqlarning adabiy merosi bilan qiziquvchilar uchun ham katta ahamiyatga ega.

  

Konferans doirasida Navoiy ijodini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirishga doir kelishuvlarga erishildi. Tadbir yakunida ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining “Alisher Navoiy” medallari va faxriy yorliqlari taqdim etildi.

  

Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu xalqaro konferans nafaqat oʻzbek adabiyoti va madaniyatini targʻib qilish, balki turkiy xalqlarning madaniy aloqalarini mustahkamlash va ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qoʻshmoqda.