Yangiliklar

img
Fri, 11/28/2025 - 18:55

Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy: O‘zbek–Ozarbayjon adabiy aloqalari rivoji masalalari

2025-yil 25-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy: O‘zbek–Ozarbayjon adabiy aloqalari rivoji masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi hamda universitet qoshidagi Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya boshlanishidan avval O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Marifli hamda hamkasblari Nodir Alimirzoyev, Yusif Mammedovlar Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markaziga tashrif buyurishdi. Mehmonlarni xalqaro bo‘lim boshlig‘i Ozoda G‘ulomova, O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov hamda markaz rahbari, filologiya fanlari doktori Gulbahor Ashurova kutib oldi. Akif Marifli markazga yangi nashr etilgan kitoblarni tuhfa qildi. Suhbat choy ustida samimiy ruhda kechdi, so‘ng mehmonlar konferensiya zaliga yo‘l olishdi.
Anjuman avvalida universitet rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinovning tabrigini   prorektor Gulnoza Jo‘rayeva o'qib eshittirdi. Konferensiya moderatorligi professor Nurboy Jabborov zimmasida bo‘lib, u ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligi va adabiy aloqalari xususida so‘z yuritdi hamda ilk so‘zni Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Mariflaga berdi. Akif Marifli tarixiy va zamonaviy o‘zaro munosabatlar, amalga oshirilayotgan madaniy–ilmiy hamkorliklar, shuningdek, Fuzuliy ijodining Alisher Navoiy merosi bilan bog‘liqligi haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid Fuzuliy ijodiga munosabati haqida so‘zlab, ustozlarining shu mavzudagi she’rlaridan namunalar o‘qib berdi. AMEA Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon–Turkmaniston–O‘zbekiston” adabiy aloqalari sho‘basi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Almaz Ulvi Bennetova ikki xalq adabiy aloqalarining tarixiy qatlamlari haqida chuqur ilmiy mulohazalar bildirdi.
Shuningdek, anjumanda AMEA Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti direktori, akademik Teymur Kerimli, institutning yetakchi olimi professoGulshan Aliyeva, AMEA Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti olimi Alimuxtar Muxtarov, ToshDO‘TAU professori, filologiya fanlari doktori Farhod Rahimi kabi nufuzli tadqiqotchilar Navoiy va Fuzuliy ijodining mushtarak jihatlari, adabiy an’ana va ta’sir masalalari yuzasidan ma’ruzalar qildi.

Professor Nurboy Jabborov ikki buyuk turkiy shoir – Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy – lirik merosining qiyosiy tahliliga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. Professor Nusratillo Jumaxo‘ja ozarbayjonlik olimlar Akif Bag‘irov va Yashar Qosimov faoliyati haqida qiziqarli faktlar asosida ma’ruza qildi.
Professor Aftondil Erkinov Fuzuliyning Navoiy ijodiga munosabati, Fuzuliy davri adabiy aloqalari va keyingi davrlarda she’riyatning o‘zbek adabiyotiga ko‘rsatgan ta’sirini keng yoritdi. Universitet dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Yulduz Abdulhakimova “Navoiy va Fuzuliy ‘Layli va Majnun’ dostonlarining kompozitsion qurilishi” mavzusida ilmiy tahlil taqdim etdi.
Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi rahbari Gulbahor Ashurova Fuzuliyning “Arba’in” asari va uning o‘zbek olimlari tomonidan o‘rganilishi haqida ma’lumot berib, she’riy parchalar asosida tahlillarni bayon qildi. Tadbir yakunida Fuzuliy markazi a’zolari shoir g‘azallaridan namunalar o‘qib eshittirishdi.
Umuman olganda, konferensiyada o‘zbek–ozarbayjon adabiy aloqalarining mushtarak jihatlari, tarixiy ildizlari va zamonaviy rivojlanish istiqbollari atroflicha yoritildi. Bu kabi ilmiy muloqotlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, kelajakdagi hamkorliklarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.