
Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy: o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari rivoji masalalari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 29-may kuni Muhammad Fuzuliy tavalludining 530 yilligi munosabati bilan Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy ijodiga bag‘ishlangan, “Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy: o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari rivoji masalalari” mavzusida uluslararo konferansi bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi, Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi Adabiyot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Buyuk so‘z san’atkori, dunyo adabiyoti durdonalarini o‘zining so‘z mulki duru javohirlari bilan boyitgan shoir Alisher Navoiy ijodining olamshumul ahamiyati shuki, u o‘zidan keyin ham butun mintaqada, xususan turkiy xalqlar adabiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsata oldi. U nafaqat boy ijodiy merosi, balki aynan, o‘zidan keyingi ijodkorlarga ta’siri bilan ham e’tirofga munosib. Ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Muhammad Fuzuliy (1498 – 1556) ijodida Alisher Navoiyning jiddiy ta’sirining sezilishi, Fuzuliy ijodiy merosiga nazar tashlanganda, uning butun ijodida Navoiyga izdoshlik ruhi ufurib turganligi konferencda ishtirok etganlar tomonidan e’tirof etildi. Konferansda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi markazi, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi Adabiyot instituti xodimlari, Turkiya, Ozarbayjon va O’zbekistondan qator atoqli olimlar, Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi a’zolari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbirga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Nihol mukofoti sovrindori Ilyos Arabov Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy g‘azallariga bastalangan dilbar qo‘shiqlari bilan fayz bag‘ishladi.
O‘zbek kitobxonlari orasida qadimdan navoiyxonlik, fuzuliyxonlik, yassaviyxonlik, mashrabxonlik kabi yig‘inlar doimiy bo‘lgan. Ushbu an’ana har zamonlarda munosib tarzda davom ettirilgan.Universitetimizda tashkil etilgan Muhammad Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazida ham bu borada ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda nafaqat Fuzuliy asarlari tadqiqi, balki uning asarlari tarjimasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, shoirning ikki jildlik kitobi lirik g‘azallari, “Layli va Majnun” dostoni “Sihhat va Maraz” hamda “Rind va Zohid” asarlari tarjimasi shoirning 530 yillik to‘yiga munosib hadya sifatida qayta nashrga tayyorlanib, akademiklar Iso Habibeyli va Shuhrat Sirojiddinov bosh muharrarligida, so‘zboshi va izohlari bilan nashr qilinmoqda. Ushbu uluslararo konferans ishi va maqolalar to‘plami mustaqillik davri o‘zbek – ozarbayjon adabiy aloqalari rivojida Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy ijodining muhtasham o‘rni va rolini yangilash va yaxshilash, qardosh xalqlar adabiyoti aloqalarini rivojlantirishga munosib ulush qo‘shadi.