
Alisher Navoiy siymosi – qalblarda mangu
2025-yil 8-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan “Navoiy siymosi – qalblarda mangu” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva ochib berib, Alisher Navoiy ijodining milliy adabiyotimiz va ma’naviyatimizdagi beqiyos ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari ofitseri Mayor Ravshan Razzoqov, Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashi deputati Shukurova Saidova ham ishtirok etib, buyuk mutafakkir merosi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Alisher Navoiy asarlaridan sahna ko‘rinishlari, g‘azallaridan namunalar, kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, tomoshabinlarga unutilmas taassurot qoldirdi. Shuningdek, Navoiy g‘azallari ohangida aytilgan qo‘shiqlar tadbirga alohida ruh bag‘ishladi.
Tadbir ishtirokchilari buyuk mutafakkir ijodi va tafakkuri asrlar osha barhayot ekani, uning siymosi xalqimiz qalbida mangu yashashini ta’kidlab o‘tdilar.
Bu kabi tadbirlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash va ularga Alisher Navoiy merosining chuqur ildiz otganini anglatishda muhim ahamiyat kasb etadi.