Yangiliklar

img
Sat, 12/28/2024 - 14:03

Alisher Navoiy nomidagi markaz xalqaro tanlovda faxrli o‘rinni egalladi

Qirgizistonning Osh shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi ozbek tili, adabiyoti va madaniyati markazi “Vatandoshlar” fondi tomonidan tashkil etilgan “Eng faol vatandoshlar jamoat birlashmalari” tanlovida faxrli uchinchi orinni egalladi. Mazkur tanlovda xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning jamoat birlashmalari faol ishtirok etib, o‘zlarining yutuqlari va xalqaro miqyosdagi ahamiyatini namoyon qilishdi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan 2023-yil 4-oktabrda rasman ish boshlagan mazkur markaz qisqa vaqt ichida o‘zining dolzarbligi va muhim ahamiyatini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi. Markaz xorijdagi vatandoshlar o‘rtasida o‘zbek tili, madaniyati va adabiyotini saqlash, rivojlantirish hamda targ‘ib qilishga qaratilgan faoliyat olib bormoqda. Bu borada ToshDO‘TAUning xizmatlari alohida e’tiborga loyiqdir. Universitet tomonidan markazga o‘zbek tili va adabiyotiga oid zamonaviy o‘quv materiallari, ilmiy adabiyotlar yetkazib berilib, texnik jihozlanish va faoliyatining barqaror davom etishi yo‘lida muhim ko‘mak ko‘rsatildi.  
Markaz nafaqat o‘zbek tilini xorijda o‘rgatish va o‘rganish maskani, balki madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashda, vatandoshlarimizni birlashtirishda muhim o‘rin tutmoqda. Uning faoliyati tufayli o‘zbek madaniyati va adabiyotiga qiziqayotgan xorijliklar hamda yosh vatandoshlar bir makonda to‘planib, bilim va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

 

Qirg‘izistonda joylashgan ushbu markazning xalqaro tanlovda erishgan muvaffaqiyati o‘zbek tilini va madaniyatini dunyo miqyosida rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning samaradorligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu yutuq kelgusida markaz faoliyatini yanada kengaytirish va yangi marralarga erishish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.