
Akademik Yangihayotda: taraqqiyot, barqarorlik, farovonlik
2025-yilning 3-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik va Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Shuhrat Sirojiddinov Yangihayot tumanidagi “Choshtepa” mahallasida yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu tadbirda “Choshtepa”, “Yangi Umid”, “Oriyat”, “Yangi Darxon” va “Tashabbus” mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda mahalliy fuqarolar qatnashdi.
Yig‘ilish davomida Shuhrat Sirojiddinov Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan vazifalarga to‘xtalib, mamlakat taraqqiyoti uchun iqtisodiy va ma’naviy rivojlanishning ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. U iqtisodiyot hajmini oshirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va yoshlar ta’limini yuksaltirish bo‘yicha belgilangan strategik rejalar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyotni belgilangan koʻrsatkichlarga yetkazish, yirik loyihalarni ishga tushirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’lim va yoshlar siyosati borasida esa yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarga o‘rgatish, maktablar va oliy ta’lim muassasalarini ko‘paytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, Shuhrat Sirojiddinov yig‘ilish davomida hududdagi aholining dolzarb muammolari bilan yaqindan tanishdi. Fuqarolarning murojaatlari va takliflarini tinglab, ularni hal qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Tadbir yakunida deputat mahalliy fuqarolarni birlashib, mamlakat taraqqiyoti uchun belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.