Yangiliklar

img
Thu, 03/27/2025 - 23:13

Akademik Shuhrat Sirojiddinov talabalar bilan uchrashdi

2025-yil 27-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinov universitet talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talabalar bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida, avvalo, imkoniyati cheklangan talabalarning yashash sharoitlari oʻrganilib, ularning ehtiyojlari va mavjud muammolari tahlil qilindi. Mas’ul xodimlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar, ta’lim olish imkoniyatlari va madaniy-ma’rifiy muhit tahlil qilindi.
Mazkur uchrashuvning eng e’tiborga molik qismi talabalar bilan gulxan atrofida oʻtkazilgan ochiq muloqot boʻldi. Erkin va samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida talabalar oʻz fikr va mulohazalarini, oʻqish jarayoni hamda ijtimoiy-maishiy sharoitlarni takomillashtirishga oid takliflarini bildirishdi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov talabalarni faollikka, izlanishga va katta maqsadlar sari intilishga undab, shunday fikr bildirdi:
“Sizlar – ertangi kunimizning asosiy tayanchi, millatimizning kelajagi va madaniyatimizning davomchilarisiz. Bugun olgan bilimingiz va ma’naviy boyligingiz kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi. Biz siz uchun har tomonlama qulay sharoit yaratishga harakat qilamiz, ammo eng muhim omil – bu sizning o‘z ustingizda ishlashingiz, o‘z imkoniyatlaringizni to‘liq ro‘yobga chiqarishingizdir.”

  

Ochiq muloqot talabalarga universitet rahbariyati bilan bevosita suhbatlashish, oʻz fikrlarini bildirish va kelajakdagi rejalar yuzasidan mulohaza yuritish imkonini berdi. Gulxan atrofida iliq va doʻstona muhitda oʻtgan ushbu uchrashuv talabalarning motivatsiyasini oshirish bilan birga, universitetda ta’lim olish va yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi.