Yangiliklar

img
Fri, 03/28/2025 - 17:39

Akademik Shuhrat Sirojiddinov ijara xonadonlarida yashovchi talabalar bilan uchrashdi

2025-yil 28-mart kuni Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ijara xonadonlarida yashovchi talabalar bilan uchrashdi. Ularning yashash sharoitlari, xavfsizlik masalalari va duch kelayotgan muammolar joyida o‘rganildi.
Uchrashuv davomida akademik talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning fikr va takliflarini tingladi. Talabalar ijara xonadonlaridagi sharoit, o‘qish jarayoni va ijtimoiy-maishiy muammolar haqida so‘z yuritishdi. Shuningdek, ijara shartlari, kommunal qulayliklar va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng akademik ijara xonadonlari egalari bilan ham suhbatlashdi. Ular bilan talabalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, ijara shartlarini yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xonadonlarning sanitariya-gigiyenik holati va umumiy sharoitlari ham ko‘zdan kechirildi.
Akademik Shuhrat Sirojiddinov talabalarga murojaat qilib, shunday dedi: “Sizlarning bugungi intilishlaringiz, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqingiz ertangi muvaffaqiyatlaringizni belgilaydi. Biz esa sizga qo‘llab-quvvatlash va qulay sharoit yaratish uchun harakat qilamiz.”
Mazkur uchrashuv talabalar uchun nafaqat motivatsion, balki muammolarini bevosita yetkazish va ularning yechimi yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishi jihatidan ham muhim bo‘ldi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.