Yangiliklar

img
Sat, 10/25/2025 - 15:06

Akademik oʻquvchi yoshlar bilan uchrashdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Samariddinovich ToshDO‘TAU akademik litseyi o‘quvchilari bilan “Rektor soati” uchrashuvini o‘tkazdi.

Suhbat samimiy va ochiq muloqot tarzida kechdi. Rektor yoshlarning savollariga javob berdi, ularning fikrlarini diqqat bilan tingladi hamda har bir yoshga bo‘lgan ishonchini ifoda etib, “Har bir yosh — kelajak me’mori” ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, oliygohlarga kirish jarayonidagi o‘zgarishlar hamda bugungi ta’lim tizimida yoshlarning o‘rni haqida so‘z yuritildi. Shuhrat Sirojiddinov ta’kidlaganidek, bugungi kunda yurtimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor misli ko‘rilmagan darajada keng. “El-yurt umidi” jamg‘armasi, xalqaro grantlar, turli tanlov va loyihalar — bularning barchasi iqtidorli yoshlar uchun katta ishonch va imkoniyat eshigini ochmoqda.

Rektor shuningdek, so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari bir necha barobar oshgani, bu esa har bir mehnatsevar yosh uchun mas’uliyat va ishonch mezoni ekanini qayd etdi.

Shuhrat Sirojiddinov Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans — yoshlar bilan boshlanadi” g‘oyasini eslab, shunday dedi: “Agar siz bilimli, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lsangiz, tarixda ‘Uchinchi renessans avlodi’ sifatida qolishingiz mumkin. Bu yuksalish sizdan boshlanadi.”

 

U o‘zbek tilini bilish faqat muloqot quroli emas, balki milliy o‘zlikni anglash, tarix va Vatanni sevishning ifodasi ekanini ta’kidlab, “Tilini bilgan odam — o‘zligini bilgan odamdir”, dedi.

Shuningdek, rektor Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda uning qoshidagi akademik litsey o‘zbek tili va adabiyotiga, milliy qadriyatlarga bo‘lgan e’tibor va ishonch ramzi ekanini alohida qayd etdi.

 

Uchrashuv yakunida Shuhrat Sirojiddinov yoshlarga murojaat qilib, “O‘qishdan to‘xtamang, orzu qiling, harakat qiling. Sizning mehnatingiz — ertangi O‘zbekistonning poydevoridir”, deya ularni ilm va ezgu maqsad yo‘lida intilishga chorladi.