Akademik faollik
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov bir guruh talabalarga “Filolog mutaxassislar tayyorlashga innovatsion yondashuv: an’ana, qadriyatlar va zamonaviy metodika” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada davr taqazosi boʻlgan keng dunyoqarashga ega, teran fikrlovchi, milliy oʻzligini qadrlaydigan yoshlarga ta’lim beruvchi filologlarni tayyorlashda yoʻl qoʻyilgan xatolar, uning asoratlari, oʻzgarishlarning natijakorligi haqida muhim fikrlar bildirildi.
Butun dunyoda filologlarning millat tarbiyachisi sifatidagi oʻrni naqadar muhimligi bugun yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Adabiyot va tilshunoslik ilmining bilimdonlari ta’limning barcha bosqichlarida ezgulik targʻibotchilari sifatida koʻriladi. Zamon shiddat bilan rivojlangani sari bunday kadrlarga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Oʻz navbatida jamiyatning bunday mutaxassislar oldiga qoʻyadigan vazifalari ham qat’iylashmoqda. Butun dunyoda analogi boʻlmagan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ham millat va ma’naviyat universiteti sifatida mana shunday muhim vazifalarni bajarishi shart.
Rektor ma’ruzasida mana shu masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.




