Yangiliklar

img
Fri, 01/24/2025 - 15:18

Akademik almashinuv muvaffaqiyatli yakunlandi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari Abdullayeva Nasiba va Akbarova Mushtariy O‘rxun almashinuv dasturi doirasida Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladilar.
308-guruh talabasi Abdullayeva Nasiba Ege universitetining Ta’lim fakultetida (Eğitim Fakültesi) tahsil olib, nazariy bilimlarini yanada boyitdi. O‘zbek adabiyoti yo‘nalishi magistranti, 2-kurs talabasi Akbarova Mushtariy esa Turk tili va adabiyoti fakultetida o‘qidi. Talabalar o‘quv yili davomida nafaqat ta’lim olishdi, balki ko‘plab madaniy va ilmiy tadbirlarda faol ishtirok etib, universitet o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shdilar. 
Akbarova Mushtariy o‘quv jarayoni haqida quyidagicha fikr bildirdi:  
"Dars jarayonlari juda yaxshi o‘tdi. Men magistr bo‘lganim uchun qo‘shimcha 2 ta fan o‘qidim. Ustozlar bilan munosabatlarimiz juda samimiy va do‘stona bo‘ldi".

Ege universiteti professorlari ToshDO'TAU talabalari o‘z bilim darajasi, odob-axloqi va intiluvchanligi bilan ajralib turganini alohida ta’kidlab, o‘zbek talabalari haqida iliq fikr bildirdilar. Turkiy davlat universitetlari orasida O‘zbekistonning iqtidorli talabalari yuqori baholanayotgani barchaga ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Ege universiteti vakillari ToshDO'TAU bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirayotganliklarini izhor etishdi.

 

Akademik almashinuv dasturi doirasida talabalarga qadimiy Efes antik shahri kabi tarixiy joylarga sayohatlar tashkil qilinib, ularning dunyoqarashini kengaytirish va madaniy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar dasturdan mamnun bo‘lib, bu tajriba ularning kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatiga katta zamin yaratishini bildirishdi.
Bu muvaffaqiyat O‘zbekiston ta’lim tizimining raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etadi. ToshDO'TAU talabalari O‘rxun dasturini muvaffaqiyatli yakunlab, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib qaytishdi!