
Ajdodlar merosi — avlodlarga o'rnak
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, taniqli olima Zulxumor Xolmanova Xalq banki va O‘zbekiston polo federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tadbirda ma’ruza qildi.
Ma’ruzada professor Xolmanova ajdodlarimizning ot sporti bilan bog‘liq boy merosiga alohida to‘xtalib, Zahiriddin Muhammad Boburning ot minib yurish mahorati, jismoniy va ma’naviy qudrati haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etdi. U turkiy xalqlar tarixida ot polosining qadimiy ildizlari borligini, bu sport turi ilgari “chovgon” deb nomlanganini ta’kidlab o‘tdi. Olimaning fikricha, ot polosi nafaqat sport, balki milliy madaniyatimizning ajralmas qismi bo‘lib, unga milliy sport maqomi berilishi lozim.
Professor Xolmanovaning tarixiy dalillarga boy chiqishi tadbir ishtirokchilarining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ularning aksariyati ajdodlarimizning ot sportiga oid bilim va tajribasi bugungi kunda ham dolzarb ekanligini e’tirof etdi. Olimaning chuqur tahlillarga asoslangan ma’ruzasi ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi va tadbirning mazmunli o‘tishiga munosib hissa qo‘shdi.