Yangiliklar

img
Mon, 06/22/2026 - 09:44

Ajdodlar jasorati - yoshlar qalbida

2026-yil 19-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘ldilar. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir davomida talabalar Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning ko‘rsatgan jasorati, mardligi va fidoyiligini aks ettiruvchi tarixiy obidalar, yodgorliklar hamda muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Majmuada jamlangan eksponatlar urushning og‘ir sinovlari, front ortidagi zahmatli mehnat, minglab insonlarning mardonavor kurashi hamda xalqimizning buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi haqida batafsil tasavvur hosil qilish imkonini berdi.

Shuningdek, talabalar majmuaning ramziy mazmuni, yodgorliklarning yaratilish tarixi va ularda aks etgan g‘oyaviy-badiiy yechimlar haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Tarixiy xotirani asrash, ajdodlar xotirasini e’zozlash va tinchlikning qadriga yetish bugungi yosh avlod zimmasidagi muhim vazifalardan biri ekani yana bir bor anglandi.

 

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat, ajdodlar xotirasiga hurmat hamda yurt tinchligi va farovonligini asrashga daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. Shu bilan birga, tarixiy merosimizni chuqur o‘rganish va undan tegishli xulosalar chiqarish borasidagi bilim va tasavvurlarni boyitishga xizmat qildi.

 

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilayotgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularning ma’naviy dunyosini boyitish, tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.